FIFA Janubi-Sharqiy Osiyoda yangi musobaqa tashkil etmoqchi
Sport
−
27 Oktabr 4168 2 daqiqa
Kecha, 26 oktyabr kuni FIFA prezidenti Janni Infantino Janubi-Sharqiy Osiyoning barcha 11 davlatini qamrab oladigan yangi mintaqaviy futbol musobaqasi FIFA ASEAN Kubogini tashkil etishni e’lon qildi. Bu haqda “The star” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, turnir FIFA xalqaro o‘yinlar taqvimi doirasida o‘tkaziladi va taxminan 700 million aholiga ega mintaqada futbol ishtiyoqini kuchaytirishga xizmat qiladi.
“Biz bu musobaqani FIFA xalqaro o‘yinlar taqvimi doirasidagi eng yaxshi futbolchilar ishtirokida o‘tkazamiz. Maqsadimiz futbolga yangi turtki berish, mintaqada sezilarli ta’sir ko‘rsatish va global miqyosda porlashdir. Biz Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasining barcha 11 davlati bilan birgalikda biz mintaqani birlashtiradigan hamda katta muvaffaqiyat keltiradigan turnirni yaratmoqdamiz”, deydi Infantino.
Taqdimot Kuala-Lumpurdagi konferensiya markazida bo‘lib o‘tgan 47-ASEAN sammiti doirasida o‘tkazilgan. Unda FIFA va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) o‘rtasida mintaqaviy futbolni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan. Hujjatga Infantino hamda ASEAN bosh kotibi Kao Kim Xourn imzo chekkan, marosimga Malayziya bosh vaziri Datuk Seri Anvar Ibrohim ASEAN-2025 raisi sifatida guvoh bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA prezidenti Janni Infantino Misrning Sharm-al-Shayx shahrida bo‘lib o‘tgan tinchlik sammitida ishtirok etgan. Sammitda Infantino G‘azoda vayron bo‘lgan futbol infratuzilmasini qayta tiklashga yordam berishini ma’lum qilgan edi.
Live
Barchasi