FIFA Jahon chempionati byudjetini qisqartirdi – OAV
Sport
−
15:16 762 2 daqiqa
FIFA AQSH, Meksika va Kanadada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati byudjetini 100 million dollardan ortiq qisqartirdi. Bu haqida “The Athletic” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, FIFA’ning 2024 yilgi yillik hisobotida 2023-2026 yillar uchun mo‘ljallangan byudjet taqdim etilgan bo‘lib, unda turnirning operatsion xarajatlari 1,12 milliard dollarni, mukofot pullari va televideniye operatsiyalarini hisobga olganda esa, umumiy byudjet 3,75 milliard dollarni tashkil etishi taxmin qilingan.
Nashrga ma’lum qilinishicha, to‘rtta noma’lum manba Jahon chempionati xarajatlarining 100 million dollardan ortiq qisqarishi FIFA xodimlari orasida xavotir uyg‘otganini bildirgan.
“FIFA butun dunyo bo‘ylab futbolni rivojlantirishga iloji boricha ko‘proq pul sarflash maqsadida xarajatlarni nazorat qilinishini ta’minlab, byudjet ijrosini doimiy ravishda ko‘rib chiqadi. Bu ajablanarli emas, chunki byudjet ko‘rib chiqishlari barcha turnirlar va tadbirlarimizdan oldin muntazam o‘tkaziladi”, deya izoh bergan FIFA vakili.
2026 yilgi Jahon chempionati birinchi marta 48 ta milliy terma jamoa ishtirokida bo‘lib o‘tadi va uchta mamlakat – AQSH, Kanada va Meksikada o‘tkaziladigan birinchi musobaqa bo‘ladi. Turnir joriy yilning 11 iyunidan 19 iyuligacha davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatining guruh bosqichida Portugaliya, Kolumbiya va Yamayka/Kongo/Yangi Koledoniya o‘tish o‘yini g‘olibi bilan birga “K” guruhidan joy olgan edi.
Live
Barchasi