FIFA va UEFA Isroil jinoyatlariga sheriklikda ayblanmoqda
Sport
−
27 fevral 4418 2 daqiqa
Xalqaro jinoiy sudga (XJS) FIFA va UEFA’ga qarshi shikoyat yo‘llandi. Murojaat bir necha huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar, jumladan, Jenevada joylashgan Yevropa-O‘rta yer dengizi inson huquqlarini kuzatish tashkiloti tomonidan taqdim etilgan. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Da’vo arizasida FIFA prezidenti Janni Infantino va UEFA prezidenti Aleksander Cheferin “bosib olingan Falastin hududidagi harbiy jinoyatlar” va “insoniyatga qarshi jinoyatlarga ko‘maklashish”da ayblanmoqda. Shikoyatga bosib olingan hududlardagi noqonuniy aholi punktlarida joylashgan Isroil klublarining xalqaro musobaqalarda ishtirok etayotgani sabab bo‘lgan.
“Anadolu” agentligi muxbiri vaziyatni Nyu-Bransuik universiteti o‘qituvchisi va “Falastin uchun Irlandiya sporti” tashkiloti a’zosi Natan Kalman-Lamb bilan muhokama qilgan.
“UEFA va FIFA ushbu klublarning bosib olingan hududlarda mavjudligi qonuniyligini tan olmoqda, shuningdek, Isroil futbol federatsiyasi va uning barcha jamoalariga yirik sport tadbirlarida qatnashishga ruxsat bermoqda”, deydi u.
Kalman-Lamb G‘azo sektoridagi genotsid fonida XJSga qilingan murojaat “o‘ta muhim” ahamiyatga ega ekanini aytgan.
“G‘azodagi bizga ma’lum bo‘lgan genotsiddan tashqari, yana bir omil borki, biz uni “sportchilarga qarshi genotsid” deb ataymiz. G‘azo sport hamjamiyatining qariyb 1000 nafari o‘ldirildi, eksklavdagi yuzlab sport inshootlari vayron qilindi. Bu harakatlarni Isroilning G‘azoda amalga oshirayotgan ishlari doirasida sport hamjamiyatiga nisbatan og‘ir jinoyatlar deb qarash mumkin”, deya tushuntirgan ekspert.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, bosib olingan hududlarda Isroil klublari va sport infratuzilmasining mavjudligi aholi punktlarini mustahkamlash siyosatining bir qismi bo‘lib, bu xalqaro huquqni buzadi. Shuningdek, u FIFA va UEFA chetlatish haqidagi chaqiriqlarga qaramay, Isroil klublari va terma jamoalarini xalqaro turnirlarga qo‘yishda davom etayotganini ko‘rsatib o‘tgan. Uning fikricha, shu yo‘l bilan tashkilotlar bosib olingan hududlardagi jamoalarning qonuniyligini tan olmoqda.
Kalman-Lambning qo‘shimcha qilishicha, Falastin futbol assotsiatsiyasi o‘z yurisdiksiyasini talab qilmoqda va bunday harakatlar FIFA hamda UEFA nizomlariga zid deb hisoblaydi.