FIFA Abduqodir Husanovni e’tirof etdi
Sport
−
04 iyun 13566 2 daqiqa
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) yaqinlashib kelayotgan Jahon chempionati oldidan O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanovni e’tirof etdi. Bu haqda FIFA o‘zining Instagram sahifasida video joyladi.
“Abduqodir Husanov O‘zbekistonning Jahon chempionati sari yo‘l olayotgan eng yorqin futbol yulduzlaridan biri. 2025 yil yanvar oyida u “Manchester Citi” safiga qo‘shildi va Angliya Premer-ligasida maydonga tushgan ilk o‘zbekistonlik futbolchi sifatida tarixga kirdi. O‘tgan yozda Husanov klubi bilan AQSHda ilk bor o‘tkazilgan Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etdi. Endi esa u 2026 yilgi Jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi safida qatnashadi. Husanov O‘zbekiston U-20 terma jamoasi bilan Osiyo kubogini qo‘lga kiritgan. U-20 Jahon chempionatida 1/8 finalgacha yetib borgan. Endilikda esa u dunyo futbolining eng nufuzli sahnasida yangi tarix yozishga intilmoqda”, deyiladi FIFA’ning Instagram sahifasida.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasi joriy yilning 18 iyun kuni Kolumbiya terma jamoasiga qarshi Jahon chempionatidagi dastlabki uchrashuvini o‘tkazadi. Ushbu bahs Toshkent vaqti bilan tongi soat 07:00 da Meksikadagi Asteka stadionida bo‘lib o‘tadi. Shundan so‘ng, terma jamoa 23 iyun kuni Portugaliya bilan, 27 iyun kuni esa Konga bilan bahs olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Transfermarkt” portali Abduqodir Husanovning transfer narxini 15 mln yevroga ko‘tarib, 50 mln yevro etib belgilagandi.
Live
Barchasi