Farg‘onada xodimini nohaq bo‘shatgan bog‘cha jarimaga tortildi
Jamiyat
−
11:24 1414 1 daqiqa
Farg‘ona shahridagi 1-sonli “Nurli maskan” maktab-internati tomonidan noqonuniy ishdan bo‘shatilgan ayol lavozimiga qayta tiklandi va 21,3 mln so‘m undirib berildi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili xabar berdi.
Qayd etilishicha, fuqaro G.M. murojaat qilib, huquqlarini tiklashda amaliy yordam so‘ragan. Shundan so‘ng mazkur ish Ombudsmanning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan nazoratga olingan.
Holatga oid hujjatlar o‘rganilganda, ishdan bo‘shatishga asos sifatida ko‘rsatilgan sabablar O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 168-moddasi birinchi qismi 4-bandi talablariga to‘liq muvofiq kelmasligi aniqlangan. Xususan, murojaatchi 2017 yildan beri uzluksiz ishlab kelayotgani, mazkur davrda uning lavozimiga nisbatan qo‘shimcha malaka talabi qo‘yilmagani inobatga olinmagan.
Shundan so‘ng ishga tiklash, majburiy rasmiy sababsiz ishga kelmagan kunlari uchun ish haqi hamda ma’naviy zararni undirish masalasida sudga da’vo arizasi kiritilishida huquqiy yordam ko‘rsatilgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining tegishli hal qiluv qaroriga ko‘ra, fuqaro G.M. tarbiyachi lavozimiga qayta tiklash, majburiy progul kunlari uchun 16 300 000 so‘m ish haqi hamda 5 000 000 so‘m ma’naviy zarar undirilishi belgilangan.
Hozirda fuqaro G.M. ish faoliyatini davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada direktorni nohaq ishdan bo‘shatgani uchun MMTB boshlig‘i jazolangandi.
Live
Barchasi