Farg‘ona NQIZ quvvatidan foydalanish darajasi 65 foizga yetkaziladi
Jamiyat
−
22:14 279 1 daqiqa
Joriy yil oxiriga qadar Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi quvvatidan foydalanish darajasi 65 foizga yetkaziladi. Bu haqda bugun, 5 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan neft va gaz tarmog‘ida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar yuzasidan taqdimotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, taqdimotda yirik loyiha – Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarishni ko‘paytirish va uni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berilgan.
Hozirda zavodda asosiy texnologik qurilmalar ta’mirlangani natijasida dizel yonilg‘isi ishlab chiqarishni 30 foizga, bitum 60 foizga, aviakerosin esa 5 barobarga oshirishga erishilgan.
Kelgusida zavodni xomashyo bilan barqaror ta’minlash, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish hamda qarzdorlikni kamaytirish bo‘yicha keng qamrovli tadbirlar amalga oshiriladi. Yil oxiriga qadar zavod yuklamasi 40 foizdan 65 foizga yetkaziladi va keyinchalik oshirib boriladi.
Davlat rahbari geologiya-qidiruv va burg‘ilash ishlari natijadorligini oshirish, yirik loyihalarni puxta hisob-kitob va aniq moliyalashtirish manbalari asosida olib borish, tarmoq korxonalari faoliyatida samaradorlikka alohida e’tibor berish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yil boshidan beshta yangi gaz koni ochilgani, hududlarda 6000 metrgacha va undan ortiq chuqurliklarga 80 ta quduq burg‘ilangan bo‘lsa, to‘rtinchi chorakda ushbu quduqlardan yana 40 tasini burg‘ilash reja qilingani haqida xabar berilgan edi.