“Everton” futbolchisi o‘z jamoadoshiga qo‘l ko‘targani uchun maydondan chetlatildi (video)

Sport

image

Kecha, 24 noyabr kuni Angliya Premer-ligasida 12-tur doirasidagi “Manchester Yunayted” va “Everton” bahsida mehmonlar yarim himoyachisi Idrissa Geye jamoadoshi Maykl Kinni urib yuborgani uchun maydondan chetlatildi.

Voqea birinchi bo‘lim boshida, uchrashuvning 13-daqiqasida “Everton” jarima maydonchasi ichida sodir bo‘ldi. Geye Kinga noto‘g‘ri uzatma berib qo‘yganidan so‘ng ular o‘rtasida tortishuv yuzaga keldi va senegallik futbolchi jamoadoshi yuziga tarsaki tushirdi. Hakam Toni Xarrington holatni darhol baholab, Geyega to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatdi. VAR qarorni tasdiqladi.

Geye chetlatilgach, “Everton” 10 futbolchi bilan o‘ynashiga qaramay, qisqa fursatdan so‘ng 29-daqiqada Kirnan Dyuzberi-Xollning goli bilan hisobni ochdi. Yakunda “Everton” shu hisobni saqlab qoldi va “Old Trafford”dan 3 ochko bilan qaytishga erishdi.

O‘yindan so‘ng “Everton” bosh murabbiy Devid Moyes voqeani izohlab, futbolchi xatosini tan olganini aytdi:

“Ularning bir-birlari bilan tortishganidan biroz hafsalam pir bo‘ldi, ammo bu ularning o‘yinga bo‘lgan munosabatini ko‘rsatadi. Geye kiyinish xonasida uzr so‘radi. Masala yopildi”,  dedi u.

Bu Premer-ligada jamoadoshlar o‘rtasidagi mojaro tufayli berilgan kamdan-kam qizil kartochkalardan biridir. So‘nggi marta shunga o‘xshash holat 2008 yilda “Stok Siti” futbolchisi Rikardo Fuller bilan sodir etgan edi. 2005 yilda esa Li Boyer va Kiron Dayer “Nyukasl” tarkibida maydonda o‘zaro janjallashgani uchun qizil kartochka olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Prem'er-liga “Everton” Idrissa Geye

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing