Ertaga Toshkentda qisqa muddatli chang-to‘zon kuzatilishi mumkin
Jamiyat
−
17:45 481 2 daqiqa
Jahon meteorologiya tashkilotining Chang-qum bo‘ronlari bo‘yicha Pekin va Saudiya Arabistoni regional markazlari, shuningdek, O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati agenligi prognozlariga ko‘ra, ertaga, 27 may kuni Toshkent shahri hududiga g‘arbiy nam havo oqimlari kirib kelishi oldidan qisqa muddatli chang-to‘zon hodisalari kuzatilishi mumkin. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.
Prognozlarga ko‘ra, kun davomida ob-havo o‘zgaruvchan bo‘ladi, ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Shamol, asosan, g‘arbdan 3–8 m/s tezlikda esadi, ayrim vaqtlarda 10–12 m/s gacha, ba’zi hududlarda esa 15 m/s gacha kuchayishi ehtimoli mavjud. Kuchaygan shamol fonida ayrim joylarda chang-to‘zonlar yuzaga kelishi mumkin.
Mazkur jarayonlar oqibatida atmosfera havosida chang zarrachalari, ayniqsa, atmosfera tarkibida PM10 konsentratsiyasi qisqa muddatli ortishi kuzatilishi mumkin. Biroq ushbu holat qisqa muddatli xarakterga ega bo‘lib, g‘arbiy nam havo oqimlarining kirib kelishi va yog‘ingarchilik hisobiga atmosfera havosining asta-sekin tozalanishi kutilmoqda.
Mutaxassislar shamol kuchaygan paytlarda, ayniqsa, nafas yo‘llari kasalliklari, allergiya va yurak-qon tomir tizimi bilan bog‘liq muammolari mavjud fuqarolarga ehtiyot choralarini ko‘rishni tavsiya etadi. Zarurat bo‘lmaganda uzoq vaqt ochiq havoda bo‘lmaslik, deraza va eshiklarni yopiq saqlash hamda imkon qadar niqoblardan foydalanish maqsadga muvofiq.
Hozirda Maxsus komissiya tomonidan atmosfera havosi holati doimiy monitoring qilib borilmoqda.
Live
Barchasi