Erondagi namoyishlarda qurbonlar soni ortdi (video)
Olam
−
08 yanvar 4111 2 daqiqa
Eron janubi-g‘arbida joylashgan Chahormahal va Baxtiyoriy viloyatining Lordegon shahrida namoyishlar zo‘ravonlikka aylanib ketdi. To‘qnashuvlar oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, 30 ga yaqin kishi jarohatlandi. Bu haqda Eronning «Fars» axborot agentligi xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shahardagi tartibsizliklar politsiya va namoyishchilar o‘rtasidagi keskin to‘qnashuvlarga aylanib ketgan. Hozirda hududda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 7 yanvar kuni yuz bergan tartibsizliklar chog‘ida namoyishchilar politsiya xodimlariga tosh ota boshlagan. Namoyishlarda qurollangan shaxslar guruhi ham ishtirok etgan bo‘lib, ular huquq-tartibot idoralari xodimlariga qarata o‘q uzgan. To‘qnashuvlar davomida bir nechta ma’muriy binolarga, jumladan, tuman hokimiyati binosiga zarar yetgan.
Eslatib o‘tamiz, 5 yanvar kuni Eronda davom etayotgan ko‘cha namoyishlarida kamida 35 kishi halok bo‘lib, 1200 dan ortiq odam hibsga olingan edi.
Ma’lumot uchun, 2025 yil 29 dekabr kuni Tehron markazida eron riali kursining keskin pasayishi sabab savdogarlar norozilik namoyishlarini boshlagan. Namoyishlarning markazi Islom Respublikasi ko‘chasi bo‘lgan. «Fars» agentligi xabariga ko‘ra, norozilik bildirgan tadbirkorlar hamkasblarini ham harakatga qo‘shilishga chaqirgan.
30 dekabr kuni noroziliklarga Tehron universitetlari talabalari ham qo‘shilgan. “Mehr” agentligi xabariga ko‘ra, 2 yanvar kuni Ilom viloyati ko‘chalarida niqob taqqan, o‘qotar qurollangan noma’lum shaxslar paydo bo‘lgan. So‘nggi kunlarda, asosan, g‘arbiy viloyatlarda namoyishchilar va huquq-tartibot idoralari o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar soni oshgani qayd etilmoqda.
4 yanvar kuni kuni Eron politsiyasi rahbari bundan buyon tartibsizliklarni uyushtirayotgan shaxslarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishini, ularni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha faol harakatlar olib borilishini ma’lum qilgan. Kiberxavfsizlik va internet infratuzilmasi sohasida faoliyat yurituvchi “Cloudflare” kompaniyasi xabariga ko‘ra, bu vaqtda mamlakatda internet segmentidagi trafik vaqtincha cheklangan.