Eronda internet uzilganiga 60 soatdan oshdi – “NetBlocks”
Olam
−
21 iyun 2854 1 daqiqa
Eronda internet uzib qo‘yilganiga 60 soatdan oshdi. Bu haqda kecha, 20 iyun kuni kechasi internet monitoringi bilan shug‘ullanuvchi “NetBlocks” bergan hisobotda keltirilgan.
“Eron hozirda 60 soatdan beri oflayn rejimda. Ko‘rsatkichlar shuni ko‘rsatmoqdaki, internetning uzilishi jamoatchilikning siyosiy fikrlarini ifoda etish, erkin muloqot qilish va xavfsizlik bo‘yicha ogohlantirishlarga amal qilish qobiliyatini jiddiy darajada cheklamoqda, ayniqsa Isroil bilan davom etayotgan mojaro fonida”, deyiladi tashkilot bayonotda.
“NetBlocks”ga ko‘ra, hozirda mamlakatdagi internetga ulanish darajasi nihoyatda past bo‘lib qolmoqda – odatdagi ko‘rsatkichlarning atigi bir necha foizi. Faqat juda kam sonli foydalanuvchilar ko‘p bosqichli VPN tunnellari orqali tarmoqqa kira olyapti.

Joriy yilning 18 iyun kuni kechqurun servis Eronda internetning deyarli butunlay uzilganini qayd etgan. Keyinroq Eron aloqa vazirligi bu holatni izohlab, internetga kirish vaqtincha cheklanganini tasdiqlagan va bunga Isroil tomonidan tarmoqdan foydalanish xavfi sabab bo‘lganini bildirgan. Shu bilan birga, vazirlik mamlakat ichida xizmat ko‘rsatuvchi platformalarga kirish imkoniyati saqlanib qolganini ta’kidlagan.