Eron JCHdagi qiyinchiliklar yuzasidan FIFA’ga shikoyat yo‘lladi
Sport
−
19 iyun 4771 2 daqiqa
Eron futbol federatsiyasi (FFIRI) milliy terma jamoaning 2026 yilgi Jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayonida duch kelayotgan cheklovlar yuzasidan FIFA’ga rasmiy shikoyat kiritishini ma’lum qildi. Bu haqda federatsiya bayonotiga tayanib, “The Telegraph” nashri xabar berdi.
Eron tomonining noroziligi jamoaga AQSH hududiga Belgiyaga qarshi o‘yindan atigi bir kun oldin kirishga ruxsat berilgani bilan bog‘liq. Ushbu uchrashuv joriy yilning 21 iyun kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:00 da boshlanishi rejalashtirilgan.
“Eron futbol federatsiyasi bunday cheklovlar musobaqa ishtirokchilari uchun teng sharoit yaratish tamoyiliga zid deb hisoblaydi. Bu holat jamoaning tayyorgarlik jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois federatsiya rasman norozilik bildiradi va tegishli tartibda FIFA’ga shikoyat yuboradi”, deyiladi FFIRI bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, Eron terma jamoasi Jahon chempionati guruh bosqichidagi ilk uchrashuvida Yangi Zelandiya bilan 2:2 hisobida durang o‘ynagan edi. Kaliforniya shtatidagi Inglvud shahrida bo‘lib o‘tgan bahsdan so‘ng jamoa rejadagiday AQSHda qolish o‘rniga Meksikaning Tixuana shahridagi yig‘iniga qaytishga majbur bo‘lgan.
Bosh murabbiy Amir G‘alenoyi Yangi Zelandiyaga qarshi o‘yindan keyin o‘z jamoasini turnirdagi “eng ruhiy tushkun holatdagi jamoa” deb atagan.
Ma’lumot uchun, Eronning 2026 yilgi Jahon chempionatidagi ishtiroki bir necha oy davomida noaniq bo‘lib keldi. Federatsiya terma jamoa ishtirokidagi AQSHda o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvlarni Meksikaga ko‘chirishga uringan, ammo bu tashabbus qo‘llab-quvvatlanmagan.
Shuningdek, Eron delegatsiyasining 15 nafar a’zosiga AQSH vizasi berilmagani xabar qilingan. Keyinchalik ularning to‘rt nafari apellyatsiya orqali viza olishga muvaffaq bo‘lgan.
Live
Barchasi