Eron urushni tugatish uchun “ultimatum” qo‘ydi – OAV
Olam
−
08:34 10929 2 daqiqa
Eron Yaqin Sharqdagi urushni to‘xtatish uchun AQSH va Isroilga qat’iy shartlar qo‘ydi. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, mintaqadagi vositachilar AQSH va Eron o‘rtasida muzokaralarni yo‘lga qo‘yishga urinmoqda, biroq tomonlar o‘rtasida jiddiy kelishmovchiliklar saqlanib qolgan. Muzokaralarning asosiy masalalaridan biri – Hormuz bo‘g‘ozini ochish, chunki u dunyo energiya tashuvlari uchun muhim yo‘l hisoblanadi. Hozirda Eron bu yo‘lni yopgan va o‘tishga uringan kemalar hujumlarga uchrayotgani aytilmoqda.
Vositachilar bo‘g‘oz nazoratini neytral mintaqaviy qo‘mitaga topshirishni taklif qilgan. Misr esa ishonchni mustahkamlash uchun 5 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishni taklif etgan.
Eron tomoni, ayniqsa Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi orqali bir qator talablarni ilgari surgan. Ular orasida bo‘g‘oz orqali o‘tuvchi kemalardan to‘lov undirish, urush qayta boshlanmasligiga kafolat olish, “Hizbolloh”ga qarshi zarbalarni to‘xtatish, Fors ko‘rfazidagi AQSH bazalarini yopish va Eron ko‘rgan zarar uchun kompensatsiya to‘lash talablari bor.
Maqolada ta’kidlanishicha, 16 mingdan ortiq havo zarbalariga qaramay, Eron o‘z pozitsiyasini saqlab qolganini va mintaqadagi muhim ob’ektlarga zarba bera olish qobiliyatiga ega ekanini ko‘rsatgan. Shu sababli Tehron oddiy sulh bilan urushni tugatishga tayyor emas.
Boshqa tomondan, AQSH ham o‘z talablarini ilgari surmoqda: Eronning raketa dasturini to‘xtatish, uranni boyitishni bekor qilish, mintaqaviy guruhlarni qo‘llab-quvvatlashni tugatish va Hormuz bo‘g‘ozini hech qanday shartsiz ochish. Bu pozitsiyani AQSH Prezidenti Donald Tramp ham tasdiqlagan.
Fors ko‘rfazi davlatlari, jumladan Saudiya Arabistoni, Eronning bo‘g‘oz ustidan ustunlikka ega bo‘lishiga qarshi chiqmoqda.
Shu bilan birga, vositachilik jarayonida Qatar va Ummon faol ishtirok etmoqda, Turkiya va Pokiston ham alohida muzokaralar olib borgan.
Umuman olganda, diplomatik sa’y-harakatlarga qaramay, tomonlar pozitsiyalari juda uzoq bo‘lib qolmoqda va tez orada kelishuvga erishish ehtimoli past deb baholanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp ikki kunlik juda yaxshi va samarali muzokaralar bo‘lib o‘tganini aytib, Eron energetika ob’ektlariga zarbalarni 5 kunga to‘xtatishni buyurganini bildirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlarni tartibga solish masalasini muhokama qilgan.
22 mart kuni Tramp Eron 48 soat ichida Hormuz bo‘g‘ozini ochmasa, mamlakatdagi elektr stansiyalarini yo‘q qilish bilan tahdid qilgan edi. Tehron esa bunga javoban AQSHning Yaqin Sharqdagi barcha energetika va axborot infratuzilma ob’ektlariga zarba berishini bildirgan.
Live
Barchasi