“Kelishib oldik”. Tramp Eron bilan muzokaralar tafsilotini ochiqladi

Olam

image

Bugun, 23 mart kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp jurnalistlarga Vashington Tehron vakillari bilan “juda samarali muzokaralar” o‘tkazganini, har ikki tomon asosiy masalalar bo‘yicha “umumiy til” topganini ma’lum qildi. Uning so‘zlaridan “Reuters” va NBC News iqtibos keltirmoqda.

“Bizda juda va juda samarali muzokaralar bo‘ldi. Ko‘ramiz, ular nimaga olib kelar ekan. Aytishim mumkin bo‘lgan gap shuki, biz aksariyat muhim masalalar, deyarli barchasi bo‘yicha kelishib oldik”, deydi AQSH Prezidenti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda Amerika tomonidan uning kuyovi Jared Kushner va maxsus vakil Stiv Uitkoff ishtirok etgan. Tramp Eron tomonidan kim qatnashganiga aniqlik kiritmagan, faqatgina u “yuqori martabali va hurmatli yetakchi” ekanini qayd etgan.

Tramp, shuningdek, muzokaralar tashabbuskori Tehron bo‘lganini da’vo qilmoqda.

“Ular kelishuv tuzishni xohlashadi va biz bunga tayyormiz. Ularda hech qachon yadro quroli bo‘lmaydi. Ular bunga rozi bo‘lishdi”, deydi u.

“Axios” nashrining manbaga tayanib yozishicha, Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralarda Turkiya, Misr va Pokiston vositachilik qilgan. Ikki kun davomida ushbu uch mamlakat Tashqi ishlar vazirlari Amerika va Eron tomonlari – Stiv Uitkoff hamda Eron TIV rahbari Abbos Aroqchi bilan alohida muzokaralar o‘tkazgan.

“The Jerusalem Post” manbasiga ko‘ra, Vashington bilan muzokaralarni Eron parlamenti spikeri Muhammad Bog‘ir G‘olibaf olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp “samarali muzokaralar” munosabati bilan Pentagonga Eron elektr stansiyalari va energetika infratuzilmasiga berilishi rejalashtirilgan zarbalarni besh kunga kechiktirishni topshirganini e’lon qilgan edi. Eron esa AQSH bilan muzokaralar bo‘lganini inkor etmoqda. Tehronning fikricha, Tramp “Eronning harbiy tahdidlari yanada ishonchli bo‘lib qolgani sababli muhim infratuzilmaga hujum qilishdan voz kechgan”.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing