Eron Oliy rahbari AQSH bilan muzokaralarga rozilik berdi – OAV
Olam
−
17:45 4935 2 daqiqa
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan telefon muloqoti chog‘ida mamlakat Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy Vashington bilan muzokaralarni ma’qullaganini ma’lum qildi. Bu haqda yuqori martabali Eron mulozimiga tayanib, “Ynet” xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Uitkoff va Aroqchi o‘rtasidagi suhbat joriy yilning 19 mart kuni bo‘lib o‘tgan. Isroil Vashington va Tehron o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar haqida xabardor qilinmagan.
Nashr suhbatdoshining qayd etishicha, Aroqchi uchun “AQSHga Erondagi hokimiyat ierarxiyasini ko‘rsatish” muhim bo‘lgan.
Suhbat davomida Aroqchi Xomanaiy urushni tezroq yakunlashga tayyorligini, biroq bu Tehron shartlari bajarilgan taqdirdagina yuz berishini bildirgan. “Ynet”ning yozishicha, gap Tehron va Vashington urushdan oldin Jenevadagi muzokaralarda muhokama qilgan deyarli o‘sha shartlar haqida bormoqda. Xususan, Eron boyitilgan uranni Rossiyaga olib chiqib ketishni muhokama qilishga tayyor, biroq yadro dasturi va ballistik raketalardan butunlay voz kechishga rozi emas.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralar haqida ma’lum qilgan edi. U muzokaralarni “juda yaxshi va samarali” deb atadi. Shu munosabat bilan u Pentagonga Eron elektr stansiyalari va energetika infratuzilmasiga beriladigan zarbalarni besh kunga qoldirishni buyurdi.
Eron AQSH bilan har qanday muzokaralar olib borganini rad etmoqda. “Axios” nashri o‘z manbasiga tayanib yozishicha, Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralarda Turkiya, Misr va Pokiston vositachilik qilgan. Ikki kun davomida ushbu uch davlat Tashqi ishlar vazirlari Amerika va Eron tomonlari bilan alohida muzokaralar o‘tkazgan.
Live
Barchasi