Eron “qizil chiziq”ni kesib o‘tmoqda – Tramp
Olam
−
12 yanvar 4516 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Tehron AQSHning harbiy yoki tijorat ob’ektlariga hujum qiladigan bo‘lsa, Eron misli ko‘rilmagan darajada kuchli zarbalarga duch kelishini aytdi. Bu haqda u bugun, 12 yanvar kuni jurnalistlar bilan muloqotda ma’lum qildi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, agar Eron bunday hujumni amalga oshirsa, AQSH shunday kuch bilan javob beradiki, Tehron bunga ishonishi ham qiyin bo‘ladi. U Vashington ixtiyorida juda kuchli va qat’iy choralar mavjudligini ta’kidlagan. Prezident, shuningdek, Eron “qizil chiziq”ni kesib o‘tayotganini bildirib, AQSH bu holatga javob berish variantlarini, jumladan harbiy choralarni ham ko‘rib chiqayotganini aytgan.
Shu bilan birga, Tramp AQSH baribir Grenlandiyani “u yoki bu yo‘l bilan” qo‘lga kiritishini yana bir bor takrorlab, aks holda buni Rossiya yoki Xitoy qilishi mumkinligini da’vo qilgan. U o‘zini NATOni “saqlab qolgan” yetakchi sifatida ko‘rsatib, agar AQSH alyansdan chiqsa, bu NATO uchun jiddiy zarba bo‘lishini aytgan.
Qayd etish joiz, Trampning dag‘dag‘alari fonida Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon xalqqa murojaat qilib, norozilik bildirayotgan fuqarolarga iqtisodiy islohotlar davom etishini va mavjud muammolar hal qilinishini va’da qilgan. U mamlakatdagi tartibsizliklarni tashkil etishda AQSH va Isroilni ayblagan hamda fuqarolarni tartibsizliklarga qarshi ko‘chalarga chiqishga chaqirgan.
Ma’lumot uchun, Eronda norozilik namoyishlari dekabr oyining oxirida milliy valyutaning keskin qadrsizlanishi va narxlarning oshishi fonida kuchaydi. Markaziy bank rahbari Muhammad Farzin iste’foga chiqdi, uning o‘rnini Abdolnoser Xemmati egalladi. Rizo Pahlaviyning chaqiriqlaridan so‘ng mamlakatda hukumatga qarshi shiorlar ostida ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi, ayrim hududlarda xususiy mulk va shahar infratuzilmasiga zarar yetkazildi. Oliy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiy namoyishchilarni “buzg‘unchilar” deb atadi, mamlakatda internet o‘chirildi va OAV bir muddat axborot bermadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH senatori Lindsi Grem Eron xalqiga murojaat qilib, ularga Amerika tomonidan yordam borayotganini aytgandi.
“Uzoq davom etgan dahshatli tushingiz tez orada tugaydi, yordam allaqachon yo‘lda. Sizning zulmga chek qo‘yishdagi jasoratingiz va qat’iyatingiz AQSH Prezidenti va erkinlikni sevuvchi barcha insonlar tomonidan e’tirof etildi.
Prezident Tramp “Eronni yana buyuk qilamiz” deganda, Erondagi namoyishchilar Oyatulloh ustidan g‘alaba qozonishi kerakligini anglatadi. Tramp Oyatulloh va uning sheriklari hokimiyat tepasida ekan, Eron hech qachon buyuk bo‘la olmasligini tushunadi”, deya yozgan senator.
Live
Barchasi