Eron Isroil shifoxonasini nishonga olishni xohlamagan – IRNA

Olam

image

Eronning Isroil janubidagi Beer-Sheva shahriga qilingan raketa hujumi oqibatida zarar yetgan shifoxona aslida hujum uchun asosiy nishon bo‘lmagan. Bu haqda IRNA agentligi xabar berdi. 

Unga ko‘ra, hujumning asl nishoni Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL) tomonidan foydalanilgan Gav-Yam Negev texnologik parki bo‘lgan.

“Hujumning asosiy nishoni Isroil armiyasining yirik qo‘mondonlik va razvedka bazasi hamda ularning harbiy razvedka kampusi bo‘lib, u Beer-Shevadagi “Soroka” shifoxonasi yaqinidagi Gav-Yam texnologik parkida joylashgan”, deyiladi xabarda. 

Texnoparkning rasmiy vebsaytida ushbu hudud Isroildagi eng ilg‘or ilmiy-tadqiqot va innovatsiyalar markazi sifatida ta’riflangan. U Ben-Gurion universiteti kampusi hamda Isroil armiyasining C4i (qo‘mondonlik, boshqaruv, aloqa, kompyuter va razvedka) bo‘limi bilan yonma-yon joylashgan.

S4i — bu Isroil armiyasining elita texnologik bo‘linmasi hisoblanadi. Vebsaytda aytilishicha, park Isroil armiyasining ilg‘or texnologik bo‘linmalarining faxriy a’zolari, Ben-Gurion universiteti bitiruvchilari, yuqori texnologiyalar sohasidagi mutaxassislar, investorlar va olimlarni o‘z ichiga oladi.

Isroilning javob zarbalari

19 iyun tongida Isroil armiyasi (SAXAL) Eron hududiga navbatdagi hujumlarni amalga oshirdi. Rasmiy bayonotga ko‘ra, nishonga olingan ob’ektlar Tehronda joylashgan bo‘lib, ular Eronning yadroviy qurol ishlab chiqish va raketa ishlab chiqarish dasturlariga aloqador inshootlar bo‘lgan.

Hujumdan oldin Isroil rasmiylari Eronning Arok va Xondab shaharlaridagi aholiga murojaat qilib, bu hududlarda harbiy nishonlar bo‘lishi sababli evakuatsiya qilishni tavsiya qilgan.

Eron televideniyesi xabariga ko‘ra, Arok shahrida og‘ir suv asosida ishlovchi yadroviy reaktorga zarba berilgan. Hujumdan avval ushbu ob’ektda evakuatsiya o‘tkazilgan bo‘lib, rasmiylar radiatsiya tahdidi yo‘qligini bildirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu reaktor hali to‘liq qurilmagan va 2026 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil TsAXAL

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing