Eron raketasi Isroil shifoxonasiga quladi

Olam

image

Bugun, 19 iyun kuni Isroil hududiga yangi raketa hujumlari uyushtirildi. Ulardan biri Isroil janubidagi Beer-Sheva shahrida joylashgan “Soroka” nomli shifoxonaga tushdi. Bu haqda “The Times of Israel” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, raketa zarbasidan shifoxona binosi sezilarli darajada shikastlangan. “Soroka” tibbiy markazi vakili nashrga bergan intervyusida “shifoxonaga jiddiy zarar yetgani, jabrlanganlar borligi”ni tasdiqlagan. 

Shuningdek, Eron raketalari Tel-Aviv, Ramat-Gan va Holon shaharlariga ham zarba bergani xabar qilinmoqda. Holon shahrida raketa turarjoy binosiga tushib, bino bir qismining qulashiga sabab bo‘lgan. Oqibatda bir kishi og‘ir, yana 20 kishi yengil jarohat olgan. Ramat-Gan shahrida ham taxminan 20 kishi jarohatlangani aytilmoqda.

Isroilning javob zarbalari

19 iyun tongida Isroil armiyasi (SAXAL) Eron hududiga navbatdagi hujumlarni amalga oshirdi. Rasmiy bayonotga ko‘ra, nishonga olingan ob’ektlar Tehronda joylashgan bo‘lib, ular Eronning yadroviy qurol ishlab chiqish va raketa ishlab chiqarish dasturlariga aloqador inshootlar bo‘lgan.

Hujumdan oldin Isroil rasmiylari Eronning Arok va Xondab shaharlaridagi aholiga murojaat qilib, bu hududlarda harbiy nishonlar bo‘lishi sababli evakuatsiya qilishni tavsiya qilgan.

Eron televideniyesi xabariga ko‘ra, Arok shahrida og‘ir suv asosida ishlovchi yadroviy reaktorga zarba berilgan. Hujumdan avval ushbu ob’ektda evakuatsiya o‘tkazilgan bo‘lib, rasmiylar radiatsiya tahdidi yo‘qligini bildirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu reaktor hali to‘liq qurilmagan va 2026 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing