Eron FIFA’ga shikoyat yo‘lladi
Sport
−
15:20 906 1 daqiqa
Eron futbol federatsiyasi Xalqaro futbol federatsiyasiga (FIFA) AQSH va Isroil bilan yuzaga kelgan mojaro sababli mamlakat sport infratuzilmasi, jumladan, futbol maydonlarining vayron bo‘lganini xabar qildi. Bu haqda ISNA xabar berdi.
“Sizga chuqur afsus va qayg‘u bilan shuni ma’lum qilamizki, Eron Islom Respublikasining muqaddas yeriga noqonuniy harbiy tajovuz oqibatida sport infratuzilmasiga, ayniqsa Eron futboliga jiddiy zarar yetkazildi”, deyiladi federatsiyaning FIFA’ga yo‘llagan xatida.
Avvalroq, Eron Sport vaziri Ahmad Donyamali milliy terma jamoaning 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etishi hozirgi geosiyosiy vaziyatni hisobga olgan holda imkonsiz ekanligini bildirgan edi. AQSH Prezidenti Donald Trampning Eronning Jahon chempionatida ishtirok etishi noo‘rin ekanligi haqidagi bayonotidan so‘ng Donyamali FIFA’dan turnirni AQSHda o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilishni talab qilgan. Shunga qaramay, Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) bosh kotibi Vindsor Jon Eron terma jamoasi hali ham Jahon chempionatida ishtirok etishni rejalashtirayotganini aytib o‘tgandi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH va Isroil hujumlari oqibatida Eronning eng yirik sport inshootlaridan biri – Tehron g‘arbidagi “Ozodi” stadioni jiddiy zarar ko‘rgan edi.
Live
Barchasi