Eron bir kechada yer bilan yakson qilinishi mumkin – Tramp
Olam
−
06 aprel 2154 1 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronning bir kecha ichida vayron qilinishi mumkinligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “o‘sha kecha ertagayoq kelishi mumkin”. Bu haqda Tramp bugun, 6 aprel kuni Oval kabinetdagi matbuot anjumanida gapirdi.
“Butun mamlakat bir kechada yo‘q qilinishi mumkin va bu kecha ertaga kelishi mumkin”, deydi Tramp.
Donald Tramp 3 aprel kuni Eron hududida halokatga uchragan F-15E qiruvchi samolyoti uchuvchisini qutqarish bo‘yicha AQSH qanday operatsiya o‘tkazgani haqida batafsil so‘zlab bergan. U Erondagi operatsiyada ishtirok etayotgan har bir amerikalik harbiy xizmatchiga minnatdorlik bildirgan.
OAV yozishicha, kecha, 5 aprel kuni Eron va AQSH vositichilar orqali o‘t ochishni vaqtincha to‘xtatish masalasini muhokama qilgan, shundan so‘ng tomonlar tinchlik o‘rnatish bo‘yicha kelishib olishlari kerak edi. Biroq Eron tomoni sulh g‘oyasini rad etgan va harbiy harakatlarni butunlay to‘xtatishni talab qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 aprel kuni Donald Tramp, agar 48 soat ichida Eron hukumati kelishuvga rozi bo‘lmasa, Eronni “do‘zax” kutayotgani bilan tahdid qilgandi.