Eron AQSHga og‘ir oqibatlarni va’da qildi

Olam

image

Eron harbiylari AQSHning Eron yadroviy ob’ektlariga bergan zarbalariga javoban og‘ir oqibatlarga olib keluvchi harbiy operatsiyalarni va’da qildi. Bu haqda Eron Qurolli kuchlaridagi koordinatsiyaga mas’ul “Xatam al-Anbiyo” shtabi bayonot berdi.

“Bu jinoyatga javoban kuchli va aniq nishonga qaratilgan operatsiyalar orqali siz o‘zingiz tasavvur ham qila olmaydigan og‘ir oqibatlarga duch kelasiz va bu sizni pushaymon qiladi”, deyiladi bayonotda. 

Eslatib o‘tamiz, Eron Qurolli kuchlari matbuot kotibi Ibrohim Zolfag‘ariy bugun, 23 iyun kuni Eron davlat televideniyesi orqali bergan bayonotida Tehron AQSH Isroil va Eron o‘rtasidagi harbiy mojaroga kirganidan keyin yana bir bor tahdid qilgani haqida xabar berilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSHning harbiy mojaroga kirishi Eron armiyasi uchun “qonuniy nishonlar doirasini kengaytiradi” va “mintaqadagi urushning kengayishiga yo‘l ochadi”.

Kecha, 22 iyun kuni Tramp AQSH xalqiga murojaat qilib, mamlakat Eronning uchta yadroviy ob’ektiga – Fordo, Natanz va Isfahonga zarba berganini e’lon qilgan edi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa xalqqa qilgan murojaatida Trampga bu hujumlar uchun minnatdorlik bildirgan.

Eron Tashqi ishlar vazirligi AQSHning zarbalari uzoq muddatli oqibatlarga olib kelishini aytdi. Shuningdek, Eron hukumati zarbalarga qaramay, yadroviy energiyani rivojlantirishdan voz kechmasligini ma’lum qildi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish esa AQSH tomonidan Eronning yadroviy ob’ektlariga uyushtirilgan hujumni “xalqaro tinchlik va xavfsizlikka bevosita tahdid” deb atadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing