Eron hujumi fonida Turkiya Ozarbayjon tomonida ekanini bildirdi

Olam

image

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Eronning Naxechivonga uyushtirgan hujumlaridan so‘ng Ozarbayjon tomonda turishini bildirdi. Bu haqda vazirlik rasmiy bayonot bilan chiqdi.

Bayonotda Eronning bugungi dron hujumlari qat’iy qoralangan.

“Hududda uchinchi davlatlarni nishonga oluvchi va urushning tarqalish xavfini oshiruvchi hujumlarga imkon qoldirmaslik kerakligini yana bir bor ta’kidlaymiz. Turkiya bundan keyin ham doimgidek Ozarbayjon tomonida turishga davom etadi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Shuningdek, bugun, 5 mart kuni Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov bilan telefon orqali muloqot qilgan.

Suhbat davomida kecha, 4 mart kuni Turkiya tomoniga Eron tomonidan amalga oshirilgan raketa hujumi va bugun Ozarbayjon tomoniga qilingan dron hujumi yuzasidan qattiq norozilik bildirilgan. Bu hujumlarni qabul qilib bo‘lmasligi ta’kidlangan.

Vazirlar, shuningdek, ikkala mamlakat o‘rtasidagi strategik ittifoq doirasidagi muvofiqlik va hamkorlikning davom ettirilishi muhimligini bildirgan. 

Eronning Ozarbayjonga hujumi

Bugun, 5 mart kuni Eron raketasi Ozarbayjonning Naxichevon Muxtor Respublikasi hududidagi aeroportga qulab tushdi.

Naxichevon Ozarbayjonning Eron, Turkiya va Armaniston bilan chegaradosh eksklavi bo‘lib, Janubiy Kavkazda strategik jihatdan muhim hudud hisoblanadi. Agar bu hodisa tasdiqlansa, mintaqaviy xavfsizlik va siyosiy vaziyatga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.  

Mazkur voqeadan so‘ng, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi. Unda bitta dron Naxichevon xalqaro aeroportining terminal binosiga zarba bergan, yana boshqa bir dron esa Shakarobod qishlog‘idagi maktab binosi yaqiniga tushgan. Hududdagi maktab o‘quvchilar va o‘qituvchilari esa evakuatsiya qilingan. 

Mazkur voqeadan so‘ng Eron Islom Respublikasining Ozarbayjondagi favqulodda va muxtor elchisi Mujtabo Demirchilu Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan, u yerda Eron tomoniga keskin norozilik bildirilgan va tegishli norozilik notasi topshirilgan.

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Eronning Naxichevon Muxtor Respublikasidagi aeroportga qilgan hujumi javobsiz qolmasligini bildirgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov bilan telefon orqali muloqot qilib, hujumdan jiddiy xavotir bildirgan.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Eronning Naxichevonga qilgan hujumini terroristik deb atadi va buning uchun uzr so‘rashi kerakligini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Ozarbayjon rasmiy bayonot Naxechivon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing