Eron HAMASning Isroilga qarshi urushiga nega qo‘shilmayapti?

Olam

image

Eron urushga kirmasligi haqida HAMASga muhim signal berdi. Bu haqda uch nafar yuqori martabali amaldorga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Homanaiy noyabr oyi boshida Tehronda HAMAS harakatining siyosiy byurosi raisi Ismoil Xoniyaga aniq xabar yetkazgan: Siz bizni 7 oktyabrdagi Isroilga hujumingiz haqida ogohlantirmagansiz va biz siz tomondan urushga kira olmaymiz.  

“Ismoil Xoniyaga HAMASning uzoq yillik qo‘llab-quvvatlovchisi bo‘lgan Eron guruhga siyosiy va ma’naviy yordam berishda davom etishini, lekin mojaroga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashmasligini aytdi”, deydi munozaralardan xabardor bo‘lgan Eron rasmiylari o‘z ismi sir qolishini so‘rab.

HAMAS rasmiysining aytishicha, Oyatulloh Ali Xomanaiy HAMASni Eron va uning Livandagi kuchli ittifoqchisi “Hizbulloh”ni Isroilga qarshi jangga to‘liq kuch bilan qo‘shilishga chaqirishini to‘xtatishga chaqirgan. 

Eron tomoniga ko‘ra, “Hizbulloh” deyarli 20 yil davomida Isroil bilan kurashmoqda. Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan kuchlar Iroq va Suriyadagi AQSH harbiylarini nishonga olgan. Yaman husiylari ham Isroilga raketa va uchuvchisiz samolyotlari bilan zarba bergan. Hozirgi mojaro Suriya hukumati, “Hizbulloh”, HAMAS va Iroqdan Yamangacha bo‘lgan boshqa guruhlarni o‘z ichiga olgan mintaqaviy koalitsiyani sinovdan o‘tkazmoqda.

“Hizbulloh”ga yaqin uch manbaning aytishicha, Livan guruhi ham HAMASning o‘tgan oydagi hujumidan hayratda qolgan. Ularning ta’kidlashicha, “Hizbulloh” jangchilari 2006 yilda Isroil bilan urushda front chizig‘i bo‘lgan chegara yaqinidagi qishloqlarda ham jang holatida emas edi.

Bayrutdagi Karnegi Yaqin Sharq markazining “Hizbulloh” bo‘yicha eksperti Mohanad Heyj Alining aytishicha, 7 oktyabr kuni HAMASning Isroilga hujumi “Qarshilik o‘qi”dagi hamkorlarini ancha ustunroq kuchga ega bo‘lgan raqibga qarshi turishda qiyin tanlov oldida qoldirgan.

"Ayiqni bunday hujum bilan uyg‘otganingizda, ittifoqchilaringiz siz bilan bir xil holatda turishlari juda qiyin", deydi Heyj Ali.

HAMAS “Qarshilik o‘qi”ni yordamga chaqirdi

7 oktyabr kuni HAMASning harbiy qo‘mondoni Muhammad Deif “Qarshilik o‘qi”dagi ittifoqchilarini kurashga qo‘shilishga chaqirgan. 
“Livan, Eron, Yaman, Iroq va Suriyadagi islomiy qarshilikdagi birodarlarimiz, bu kun Falastindagi aka-ukalaringiz bilan yelkadosh bo‘ling”, degan u audiomurojaatida.

Yana bir HAMAS yetakchisi Xolid Meshal 16 oktyabr kuni televideniyeda bergan intervyusida “Hizbulloh”ga shu paytgacha qilgan harakatlari uchun minnatdorlik bildirgan, ammo “jang ko‘proq narsani talab qilishi”ni aytgan.  

Tehronning fikrini bevosita biladigan, masalaning nozikligi sababli ismini aytishdan bosh tortgan olti nafar rasmiyning aytishicha, ittifoq yetakchisi bo‘lgan Eron, agar uning o‘zi Isroil yoki Qo‘shma Shtatlar tomonidan hujumga uchramasa, mojaroga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashmasligini ma’lum qilgan. Buning o‘rniga Eronning ruhoniylari o‘zlarining qurolli ittifoqchilari, jumladan “Hizbulloh” tarmog‘idan foydalanib, Isroil va Amerikaning Yaqin Sharqdagi nishonlariga raketa va uchuvchisiz havo hujumlari uyushtirishni davom ettirishni rejalashtirgan.

“Strategiya G‘azodagi HAMAS bilan birdamlikni namoyish qilish va Isroil bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri AQSHga tortishi mumkin bo‘lgan to‘qnashuvga kirmasdan Isroil kuchlarini zaiflashtirish uchun mo‘ljallangan sa’y-harakatlardir”, deya qo‘shimcha qilgan ular.

Yaqin Sharq bo‘yicha ixtisoslashgan AQSHning sobiq yuqori martabali diplomati, hozir Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati tahlil markazida ishlaydigan Dennis Rossning fikricha, Eronning bu harakati "Qarang, bizga hujum qilmaguningizcha shunday bo‘lib qolaveradi. Lekin bizga hujum qilsangiz, hammasi o‘zgaradi" deyish usuli.

“Hizbulloh”ning o‘z muammolari

100 000 jangchisi bilan maqtangan “Qarshilik o‘qi”dagi eng qudratli guruh “Hizbulloh” Isroil-Hamas urushi boshlanganidan beri deyarli har kuni Livan-Isroil chegarasida joylashgan. Shunga qaramay, “Hizbulloh” ham o‘zining qo‘llab-quvvatlovchisi Eron kabi yuzma-yuz to‘qnashuvlardan qochadi.

Manbalardan birining aytishicha, HAMAS “Hizbulloh” o‘zining yirik raketa arsenaliga ega bo‘lgan Isroilga chuqurroq zarba berishini xohlaydi. Ammo “Hizbulloh” bu Isroil ning Livanga hujumni kuchaytirishidan cho‘chiydi.

Livan hukumati ishlariga chuqur aralashadigan siyosiy harakat bo‘lgan “Hizbulloh” mamlakat Isroil bilan yana urush olib borishi mumkinligini biladi. Biroq Livan 2006 yilgi urushdan keyin qayta tiklanishiga bir necha yillar kerak bo‘lgan, bu vaqt davomida Isroilning bombardimonlari mamlakatning “Hizbulloh” nazorati ostidagi janubiy qismini vayron qilgan.

“Hizbulloh” yetakchisi Sayid Hasan Nasrulloh 3 noyabr kuni qilgan chiqishida HAMAS Isroilga hujumini ittifoqchilaridan sir tutganini va bu uning muvaffaqiyatini ta’minlagani va “Qarshilik o‘qi”dagi “hech kimni xafa qilmaganini” aytdi. 

AQSHning inqirozdagi roli

Qo‘shma Shtatlar ham urush G‘azodan tashqariga tarqalishini istamaydi. Prezident Jo Bayden hukumati hozircha AQSHning G‘azo inqirozidagi rolini asosan Isroilga harbiy yordam ko‘rsatish bilan chekladi. U, shuningdek, qisman Tehronga ogohlantirish sifatida ikkita samolyot tashuvchi va qiruvchi samolyotlarini sharqiy O‘rta yer dengiziga ko‘chirdi.

Bu orada vaziyat jiddiylashdi. Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo urushi boshlanganidan beri AQSHning Isroilni qo‘llab-quvvatlashiga javoban Iroq va Suriyadagi “Qarshilik o‘qi” jangchilari tomonidan AQSH kuchlariga kamida 40 ta dron va raketa hujumlari uyushtirilgan. AQSH rasmiylariga ko‘ra, Amerika Suriyadagi Eron bilan bog‘liq jangarilar tomonidan foydalaniladigan ob’ektlarga qarshi uchta javob zarbasi bergan.

13 noyabr kuni AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin mojaroda yana bir yirik front ochilishi xavfi borligini aytgan.

"Ushbu mojaro davomida, butun inqiroz davomida ko‘rgan narsamiz Livan “Hizbulloh”i va Isroil kuchlari o‘rtasidagi o‘zaro o‘t ochishdir. Hech kim shimolda yana bir mojaro boshlanishini istamaydi ", degan u Seuldagi matbuot anjumanida. 

Isroil esa shimolga e’tibor qaratadi

Ostin dam olish kunlari isroillik mavqedoshi Yoav Gallant bilan suhbatda mintaqaviy keskinlashuvning oldini olish zarurligini ta’kidlagan. Ismini oshkor qilishdan bosh tortgan ikki isroillik xavfsizlik manbasi  Isroil hech qanday jangovar harakatlarni yoyishga intilmaganini, ammo mamlakat o‘zini himoya qilish uchun kerak bo‘lsa, yangi frontlarda kurashishga tayyorligini qo‘shimcha qilgan. Ularning aytishicha, xavfsizlik bo‘yicha mas’ullar Isroil uchun eng kuchli tahdid “Hizbulloh”dan kelgan deb hisoblaydi.

Qayd etish joizki, Isroil va Eron o‘rtasida adovat bor. Eron Isroilning mavjudligini tan olmaydi, shu bilan birga Isroil uzoq vaqtdan beri Eronning bahsli yadroviy faoliyatini diplomatiya orqali to‘xtata olmasa, unga qarshi harbiy choralar ko‘rish bilan tahdid qilib keladi.

Karnegi jamg‘armasi tahlil markazining Eron bo‘yicha mutaxassisi Karim Sadjadpurning fikricha, hozirgi inqiroz sharoitida Tehron uchun “realpolitik” siyosat yuritishi ustunlik qilishi mumkin.

“Eron 40 yil davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ziddiyatga kirmasdan Amerika va Isroilga qarshi kurashdi. Rejimning inqilobiy mafkurasi Amerika va Isroilga qarama-qarshilikka asoslangan, ammo uning yetakchilari o‘z joniga qasd qilish niyatida emas, ular hokimiyatda qolishni istaydi”, deydi ekspert.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil HAMAS Hizbulloh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing