Erdo‘g‘an prezidentlikka nomzodini qo‘yish niyati yo‘qligini aytdi
Olam
−
22 may 2025 4452 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an prezidentlikka yana o‘z nomzodini qo‘yish niyatida emasligini aytib, mamlakatga yangi konstitutsiya zarurligini qo‘shimcha qildi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
“Men qayta saylanish yoki yana prezidentlikka nomzodimni qo‘yish niyatim yo‘q. Biz faqat o‘z mamlakatimiz obro‘sini oshirishni o‘ylaymiz. Turkiya o‘zgarmoqda, dunyo o‘zgarmoqda. Biz yangi davrda yashayapmiz. Eski Turkiyada davlat to‘ntarishi paytida yaratilgan konstitutsiya bilan tez o‘zgarayotgan dunyoda nimagadir erisha olamiz deb o‘ylaysizmi? Konstitutsiya to‘ntarishchilar tomonidan emas, fuqarolar tomonidan taklif qilingan”, degan Erdo‘g‘an.
Bir yil avval Erdo‘g‘an amaldagi asosiy qonun Turkiyaning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotganini aytgan edi. Uning fikricha, yangi konstitutsiya taraqqiyotning asosiga aylanadi va mamlakatni eskirgan tuzumdan qutqaradi. Prezident Turkiyadagi barcha siyosiy kuchlarni yangi hujjat ustida ishlashda faol ishtirok etishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalroq kiritilgan o‘zgartirishlarga qaramay, 1982 yilgi konstitutsiya XXI asr talablariga javob bermaydi.
Ma’lumot uchun, 20 yildan oshiq vaqtdan beri mamlakat siyosatining eng yuqori pog‘onalarida turgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an joriy yilning 26 fevral kuni 71 yoshga to‘ldi. U 2003 yildan 2014 yilgacha bosh vazir, 2014 yildan boshlab esa Prezident sifatida faoliyat yuritmoqda.
Erdo‘g‘an nafaqat mamlakat ichkarisida, balki butun mintaqada yetakchilikni qo‘lga oldi va 2017 yilda referendum orqali parlament tizimini bekor qilib, Turkiyani prezidentlik respublikasiga aylantirdi. Bu esa uning vakolatlarini sezilarli darajada kengaytirdi. Erdo‘g‘an boshchiligida Turkiya katta o‘zgarishlarga erishgan bo‘lsa-da, uning siyosati ko‘pincha ichki muxolifat va xalqaro hamjamiyat tomonidan tanqid qilinadi. Ustiga ustak, oxirgi yillarda Turkiyaning iqtisodiy muammolari, inflyatsiyaning oshishi (Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 50 foizdan yuqori) va turk lirasining qadrsizlanishi (1 turk lirasi 0,027 AQSH dollariga teng) uning obro‘siga putur yetkazmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 21 may kuni Vengriya poytaxti Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy Davlatlar Tashkiloti davlat va hukumat rahbarlarining norasmiy sammitidagi nutqida Shimoliy Kipr Turk Respublikasi uzoq bo‘lmagan kelajakda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo sifatida qo‘shilishi haqida so‘z ochgandi.
Live
Barchasi