Erdo‘g‘an urush boshlangandan beri ilk bor Ukrainaga boradi
Olam
−
04 avgust 4572 2 daqiqa
Ukraina Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning tashrifiga hozirlik ko‘rmoqda. Bu haqda Ukrainaning Turkiyadagi elchisi Narimon Jalol “RBK-Ukraina”ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Elchining so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Ukraina tomoni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Ukrainaga tashrifini tashkil etish ustida faol ishlamoqda. Erdo‘g‘anga shaxsiy taklifni Prezident Vladimir Zelenskiy yetkazgan, diplomatning ta’kidlashicha, uning o‘zi bu taklifni Turkiya rahbari bilan yaqinda bo‘lgan uchrashuvida tasdiqlagan.
“Ushbu tashrif katta sa’y-harakatlarni talab qiladi, chunki uni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan ko‘plab muammolar mavjud”, dedi Jalol.
Diplomat, shuningdek, tashrifning asosiy mavzusi Ukraina va Turkiya o‘rtasidagi erkin savdo bitimini ratifikatsiya qilish bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Ushbu hujjat strategik sheriklik uchun ham, Ukraina biznesining muhim qismi uchun ham muhimdir.
“Prezident Zelenskiyning taklifi juda oddiy: Turkiya erkin savdo shartnomasini imzolashdan manfaatdor. Ushbu kelishuv biznesimizning muhim qismi uchun ham ahamiyatlidir, garchi bu ba’zilar uchun raqobat kuchaygani sababli keskinlikni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lsa ham. Biroq, bu siyosiy qaror. Prezident Zelenskiy Erdo‘g‘anning tashrifi chog‘ida ushbu kelishuvni ratifikatsiya qilishni taklif qildi, bu yaxshi va ramziy qadam bo‘lardi”, deb tushuntirdi Jalol.
Eslatib o‘tamiz, Erdo‘g‘on oxirgi marta Ukrainaga urush boshlanishidan oldin – 2022 yil 3 fevral kuni borgan edi. O‘shanda Ukrainada Turkiyaning “Bayraktar” uchuvchisiz uchoqlarini ishlab chiqaradigan zavod qurilishi ma’lum qilingan edi. Shuningdek, Erdo‘g‘an Kiyev va Moskva o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi bo‘lish tashabbusini ham ilgari surgan.