Erdo‘g‘an saylovda mag‘lub bo‘ladimi? Saylovoldi so‘rovnoma o‘tkazildi

Olam

image

Turkiyada prezident va parlament saylovlari oldidan o‘tkazilgan so‘rovlar natijasiga ko‘ra, muxolifatdan prezidentlikka nomzod qilib ko‘rsatilgan Kamol Qilichdoro‘g‘li amaldagi Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘andan 10 foizga ustunlikka erishgan. Bu haqda “Haberler” nashri xabar berdi. 

Qayd etilishicha, so‘nggi voqealar sabab Erdo‘g‘anning obro‘si tushgani ortidan bu safargi saylovlar uning 20 yillik boshqaruvi uchun eng katta muammo bo‘ladi. Saylov nafaqat Turkiyani kim boshqarishini, balki uning qanday boshqarilishi, iqtisodiyoti qayerga qarab ketishi, Ukraina va Yaqin Sharqdagi mojarolarni yumshatishda qanday rol o‘ynashini hal qiladi.

“Turkiyadagi barcha noto‘g‘ri ishlarda Erdo‘g‘anni ayblash bilan bu muammolar yechilib qolmaydi. O‘tgan saylovlar Erdo‘g‘anning ajoyib targ‘ibotchi ekanligini ko‘rsatdi, ammo so‘nggi gap-so‘zlar uning saylovchilar bilan aloqa qilish qobiliyatini yo‘qotganini ko‘rsatmoqda”, deydi siyosiy xavflar bo‘yicha maslahatchi Volfgang Pikkoli. 

Aksoy Research tomonidan o‘tkazilgan so‘rovlar natijasiga ko‘ra, aholining 55,6 foizi Qilichdoro‘g‘lini, 44,4 foizi esa Erdo‘g‘anni qo‘llab-quvvatlagan. Mos ravishda, Qilichdoro‘g‘lining “Jumhuriyat Xalq” partiyasi 31,8% bilan oldinga chiqqan bo‘lsa, Erdo‘g‘anning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi 31% ovoz bilan undan ortda qoldi.

Eslatib o‘tamiz, Erdo‘g‘an avvalroq ta’til mavsumi, maktab imtihonlari va Qurbon hayiti munosabati bilan ovoz berishni qonuniy belgilangan sana – 18 iyundan 14 mayga ko‘chirish niyatida ekanini bildirgan edi. Boisi bundan 73 yil avval, 1950 yilning 14 may kuni Turkiyada ilk bor ko‘p partiyaviylikka qadam tashlangan. Shu yili Adnan Menderes va Jalol Bayar boshchiligidagi Demokratlar Otaturk ta’sis qilgan va 27 yil iqtidorda bo‘lgan “Jumhuriyat xalq” partiyasi ustidan g‘alabaga erishib, mamlakat boshqaruvini qo‘lga olgan. Joriy yilning 10 martida esa Erdo‘g‘an saylovlarni 14 may kuni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya saylov Erdo'g'an Qilichdoro'g'li

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing