Erdo‘g‘an Putin bilan “Azov” rahbarlarini Ukrainaga jo‘natilishini muhokama qilmoqchi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan Anqara tomonidan Kiyevga “Azov” milliy bataloni yetakchilarining jo‘natilishi bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qilishni kutmoqda. Bu haqda u bugun, 12 iyul kuni Vilnyusdagi NATO sammitidan keyingi matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

"Biz ularning olti qo‘mondonini ozod qilish bo‘yicha so‘rov oldik. Biz ijobiy javob berishga qaror qildik. Shundan so‘ng Rossiyada bir qator bayonotlar berildi, biroq ular tafsilotlarni bilib olganlaridan keyin, vaziyat ijobiy bo‘ldi. Avgust oyida Prezident Putin Turkiyaga tashrif buyuradi va men u bilan bu masalalarni yana yakkama-yakka muhokama qilish imkoniga ega bo‘lamiz, deb o‘ylayman”, degan Turkiya rahbari.

Aytish joizki, joriy yilning 8 iyul kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Turkiyada bo‘lgan “Azov” milliy bataloni qo‘mondonlari bilan birga mamlakatga qaytishini ma’lum qilgan. Bundan oldin u Erdo‘g‘an bilan uchrashgan. 9 iyul kuni Rossiya va Turkiya Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Xoqon Fidan o‘rtasida “Azov” guruhi rahbarlarining Kiyevga qaytishi bilan bog‘liq vaziyat telefon orqali muhokama qilingan. Rossiya vazirligining ma’lum qilishicha, Turkiya tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda tomonlar Moskva va Anqara o‘rtasidagi ishonchga asoslangan munosabatlarni saqlab qolish va mustahkamlash zarurligini yana bir bor tasdiqlagan, Ukraina atrofidagi so‘nggi voqealar va istiqbollarni muhokama qilgan. 

Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Turkiya Ukraina bilan munosabatlarni rivojlantirishga mutlaq haqli ekani, biroq Rossiya ular Moskvaga qarshi qaratilmasligiga umid qilishini aytgan. U Rossiya-Turkiya munosabatlarini yaqin va o‘zaro manfaatli deb ta’riflagan, biroq ayrim masalalarda kelishmovchiliklar borligini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, “Azov” Ukraina Milliy gvardiyasining taktik tuzilmasi hisoblanadi. Bu bo‘linma 2014 yil may oyida Mariupolda tuzilgan. “Azov” 2022 yilda Ukraina armiyasi bilan birga mamlakat sharqida Rossiya kuchlariga qarshi jang qilgan eng mashhur Ukraina harbiy tuzilmalaridan biriga aylangan. Ko‘pgina “Azov” harbiy xizmatchilari qariyb uch oylik qamaldan so‘ng, may oyida Rossiya qo‘shinlari Mariupolni egallab olganda, asirga olingan. 2022 yil sentyabr oyida asirga olingan “Azov” qo‘mondonlari mahbuslar almashinuvi doirasida Turkiyaga jo‘natilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Putin Erdo'g'an Azov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing