Epshteyn ishida yangi da’vo: advokat va hisobchi millionlardan quruq qolishi mumkin
Olam
−
09:20 1008 2 daqiqa
AQSHning Nyu-Meksiko shtati marhum moliyachi Jefri Epshteynning advokati va hisobchisiga uning merosidan pul to‘lanishini to‘xtatish uchun sudga murojaat qildi. Shuningdek, shtat Epshteynning jinsiy zo‘ravonligidan jabr ko‘rganlar uchun tovon undirishni so‘ramoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nyu-Meksiko Bosh prokurori Raul Torrezning ma’lum qilishicha, da’vo Epshteynning advokati Darren Indayk va hisobchisi Richard Kanga qarshi kiritilgan. Ular Epshteynning jinsiy savdo bilan bog‘liq faoliyatiga yordam berish, uni moliyalashtirish va yashirishda ayblanmoqda.
Da’vo arizasiga ko‘ra, Indayk va Kan Epshteynning 107 million dollarlik merosini boshqaruvchi hamijrochilar hisoblanadi. Ularning har biri merosdan mos ravishda 50 million va 25 million dollar olishi mumkin.
Biroq ularning advokati Deniyel Vayner ayblovlarni rad etgan. Uning aytishicha, Indayk va Kan ayollarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikka bila turib yordam bergan emas. Advokat jinoyatlar ular bo‘lmagan joylarda sodir etilganini ta’kidlagan.
“Epshteyn yolg‘iz harakat qilmagan. Uning o‘limi jinoyatlariga yordam bergan shaxslarni javobgarlikka tortish harakatlariga chek qo‘ymaydi”, degan Torrez.
Nyu-Meksiko shtati joriy yilning fevralida Epshteynning Zorro Ranch ranchosidagi faoliyati yuzasidan tergovni qayta boshlagan edi. Epshteyn ushbu hududda qariyb 30 yil davomida ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlik qilganlikda ayblangan. Biroq tergov boshlanganidan sakkiz oy o‘tib ham jinoiy ayblovlar ilgari surilmagan.
Bundan tashqari, shtat Epshteyn ishi bo‘yicha tahrir qilinmagan hujjatlarni olish uchun AQSH Adliya vazirligini sudga bergan. Shtat rasmiylari Donald Tramp ma’muriyatini tergovga to‘sqinlik qilishda ayblamoqda. Vazirlik esa ayrim hujjatlar taqdim etilganini, biroq shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish talablari sababli materiallarning katta qismini berish imkoni bo‘lmaganini bildirgan.
Epshteynning jinsiy savdo tarmog‘idan jabr ko‘rgan ikki ayol – Yuliya Molchanova va Anushka De Jorjio sudga murojaat qilinishini qo‘llab-quvvatlagan. Ularning fikricha, Epshteynning jinoyatlariga bila turib yordam bergan va uning merosidan foyda ko‘rishi mumkin bo‘lgan shaxslar ham javobgarlikka tortilishi kerak.
Epshteynning sherigi Jizleyn Maksvell 2022 yilda voyaga yetmagan shaxsni jinsiy savdoga jalb qilish va shu bilan bog‘liq jinoyatlarda aybdor deb topilib, 20 yilga qamalgan.
Eslatib o‘tamiz, amerikalik moliyachi Jefri Epshteyn 2019 yil avgust oyida Nyu-Yorkdagi qamoqxonada o‘lik holda topilgan. Joriy yil boshida AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishiga oid minglab sahifalik yangi hujjatlarni e’lon qilgandi. Shuningdek, Epshteynning huquqiy vorisi va uning ikki hamkori qariyb 40 nafar jabrlanuvchiga 35 million dollargacha kompensatsiya to‘lashga kelishib olgan edi.
Live
Barchasi