Epshteyn fayllaridan Trampga aloqadar ko‘rsatmalar o‘chib ketdi
Olam
−
08:22 1897 2 daqiqa
AQSH kongressidagi demokratlar vakillari moliyachi Jeffri Epshteyn ishi bo‘yicha materiallarning bir qismi yashirilgani haqidagi da’volardan so‘ng tergov boshladi. Bu haqda Vakillar palatasi a’zosi, Kaliforniyadan demokrat Robert Garsia ma’lum qildi.
Garsianing aytishicha, AQSH Adliya vazirligi voyaga yetmagan qizning intervyusini ataylab yashirgan bo‘lishi mumkin. Mazkur intervyuda u AQSH Prezidenti Donald Trampni zo‘ravonlikda ayblagan. Demokratlar nazorat qo‘mitasi Adliya vazirligi ushbu intervyuni noqonuniy tarzda yashirgan bo‘lishi ehtimoli borligini bildirgan.
Shu bilan birga, Adliya vazirligi bu ayblovlarni rad etgan. Vazirlik X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan bayonotida “Hech narsa o‘chirilmaganini” ta’kidlagan. Ularning izoh berishicha, jabrlanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini tahrirlash uchun hujjatlar vaqtincha yopiq ko‘rib chiqilishi mumkin, biroq keyin yana ochiq bazaga qaytariladi. Barcha tegishli materiallar, takroriy nusxalar, maxfiy ma’lumotlar va davom etayotgan tergov materiallaridan tashqari, taqdim etilgan.
Bu bayonot OAVda Adliya vazirligi ayrim materiallarni, jumladan Tramp nomi tilga olingan hujjatlarni oshkor qilmagani haqida xabar berganidan keyin yangradi.
“Politico” nashrining yozishicha, Tramp Epshteynga oid ayblovlar bilan bog‘liq har qanday huquqbuzarlikni inkor etmoqda va uning jinoyatlarga aloqadorligini tasdiqlovchi ishonchli dalillar yo‘q. Nashr, shuningdek, e’lon qilingan ko‘plab materiallar tasdiqlanmagan yoki zarur kontekstsiz ekanini qayd etgan.
2025 yilning 19 dekabr kuni AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi bo‘yicha federal tergovning qolgan materiallarini e’lon qilgan. Ular 3 milliondan ortiq sahifa hujjatlar, 2 mingdan ziyod videoyozuv va 180 mingta suratni o‘z ichiga oladi. Hujjatlarda Trampning ismi 3 ming martadan ko‘proq tilga olingan.
Shuningdek, maxfiylikdan chiqarilgan hujjatlarda 30 yildan ortiq vaqt avval Nyu-Jersida 13 yoki 14 yoshli qiz Tramp bilan jinsiy aloqaga majburlangani haqida tasdiqlanmagan ma’lumot tarqalgan. Bu ma’lumotlar taxminiy jabrlanuvchining “aniqlanmagan dugonasi”dan kelib tushgan.
Tramp esa Epshteyn bilan taxminan 20 yil avval aloqani uzganini va uning jinsiy jinoyatlaridan bexabar bo‘lganini aytmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Microsoft” kompaniyasi asoschisi Bill Geyts marhum moliyachi va jinsiy jinoyatlarda ayblangan Jeffri Epshteyn bilan aloqalari sababli Geyts jamg‘armasi xodimlaridan uzr so‘ragandi.
Live
Barchasi