Endilikda sun’iy intellekt hakamlarni ishini baholaydi
Sport
−
10:58 466 2 daqiqa
La Liga prezidenti Xaver Tebas kelasi mavsumdan boshlab Ispaniya futbolida hakamlar faoliyatini baholash uchun sun’iy intellekt joriy etilishini e’lon qildi. Bu haqda “Marca” nashri xabar berdi.
“Biz hakamlik tizimiga sun’iy intellektni joriy etishni rejalashtirmoqdamiz. Ikkita asosiy yo‘nalish amalga oshiriladi.
Birinchisi — hakamlar faoliyatini baholash. Har bir o‘yindan keyin Hakamlar texnik qo‘mitasi (HTQ) hakamlikning turli jihatlarini baholash uchun kuzatuvchilardan foydalanadi. Bu 30 ta turdagi mezonni o‘z ichiga oladi. Hozirda bu jarayon insonlar tomonidan amalga oshiriladi: 20 nafar hakam uchun 30 nafar kuzatuvchi ishlaydi.
Sun’iy intellekt yordamida kamida 40 foiz ob’ektiv qaror qabul qilishni ta’minlaydigan tizim yaratmoqdamiz. Barcha o‘yinlar asosida algoritmlar ishlab chiqiladi. Sun’iy intellekt barcha holatlarni tahlil qilib, hakam qayerda haq yoki nohaq bo‘lganini ko‘rsatadi. Biz jarayonni yanada ob’ektiv qilyapmiz. Bu o‘yinlarga hakam tayinlash jarayoniga ham ta’sir qiladi. Sun’iy intellekt yordamida qo‘mitaga har bir o‘yin uchun uch nafar hakam nomzodi taqdim etiladi. Men inson aqliga ishonaman, ammo sun’iy intellekt yordam berishi kerak bo‘lgan sohalar bor”, dedi Tebas.
Manbaga ko‘ra, sun’iy intellekt har bir o‘yin uchun muayyan parametrlar asosida ikki yoki uch nafar hakamni tavsiya qiladi. Shundan so‘ng, yakuniy qaror inson tomonidan qabul qilinadi.
Shu bilan birga, sun’iy intellekt o‘yinlarga hakamlarni mustaqil ravishda tayinlamaydi.
Live
Barchasi