Endi yo‘lovchi o‘zi yurgan masofa uchun alohida yo‘lkira to‘lashi mumkin
Jamiyat
−
25 noyabr 2019
88942020 yildan umumiy foydalaniladigan transportda yo‘lovchi tashish uchun yo‘l haqi to‘lovlarini amalga oshirishning avtomatlashgan tizimini joriy etish taklif qilinmoqda. Bu haqda Transport vazirligi vakillari matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb yozmoqda O‘zA.
Yo‘lovchilar oqimini boshqarish uchun 2020 yildan yangi tizimda ish yuritiladi. Bunda jamoat transporti uchun yagona transport kartalari, to‘lovni amalga oshirish imkonini beradigan mobil ilova hamda bir martalik QR chiptalar joriy etiladi. Mazkur kartalarni savdo nuqtalari, agentlik tarmoqlari, metropoliten, avtovokzal, temir yo‘l kassalari va aeroportlardan sotib olish mumkin bo‘ladi.
Bu transport kartalarining o‘zining narxi 8-9 ming so‘m atrofida bo‘lib, u uzoq muddat ishlatishga mo‘ljallangan. Har oyda kerakli miqdorda mablag‘ni bank plastik kartalari, bankomatlar, kiosklar, to‘ldirish terminallari hamda mobil ilovalar orqali amalga oshirish mumkin. Bunda jamoat transporti xizmatidan imtiyozli asosda foydalanish huquqiga ega alohida fuqarolar transport kartalarini davlat xizmatlari markazlari orqali olishlari mumkin.
Xo‘p, endi yo‘lkira narxlari qancha bo‘ladi, unda o‘zgarishlar kutiladimi?
“Bu tizimda bitta to‘lov bilan bir nechta transport yoki transport turidan foydalanish mumkin bo‘ladi. Ya’ni bir marta 1400 so‘m to‘lab avtobus+metroda yurish mumkin. Bunda vaqt hamda masofadan kelib chiqqan holda belgilanadigan qulay tarif rejalari joriy etiladi. Yo‘lovchi belgilangan vaqt ichida manzilga yetib borguncha bir nechta transportdan foydalanish uchun o‘ziga qulay tarif rejalarini, misol uchun mobil aloqadagi tariflar kabi o‘ziga qulay bo‘lgan xizmatni tanlab olishi mumkin bo‘ladi”, deydi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori Murodjon Abidov.
Avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umumiy foydalaniladigan transportda yo‘lovchi tashishda yo‘lkira haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani, unga ko‘ra, umumiy foydalaniladigan transportda yo‘lovchi tashish uchun yo‘lkira haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilishi haqida xabar bergan edik.
Shahnoza To‘ramurotova