Turkmaniston Prezidenti biryo‘la 2 vazir va 4 hokimni ishdan haydadi
Olam
−
29 iyul 4938 3 daqiqa
Joriy yilning 10 iyul kuni Turkmanistonda 2026 yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakat Prezidenti Serdar Berdimuhamedov kadrlar o‘zgarishini e’lon qildi: ikki vazir, to‘rt hokim va gazeta bosh muharriri lavozimidan ozod etildi. Bu haqda “Turkmen news” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Turkmaniston hukumatining kengaytirilgan majlislarida qoida tariqasida faqat muvaffaqiyatlar va barqaror o‘sish ko‘rsatkichlari tilga olinadi. 10 iyul kuni ham mamlakat YAIMning o‘sish sur’ati 6,3 foizni tashkil etayotgani aytib o‘tilgan. Shunga qaramay, mulozimlarning hisobotlari davomida Serdar Berdimuhamedov ularning ayrimlarini ishdan bo‘shatayotganini e’lon qilgan.
Hukumatdagi o‘zgarishlar mamlakat uchun ustuvor bo‘lgan neft-gaz majmuasiga daxl qilgan. Vazir darajasiga tenglashtirilgan “Turkmengeologiya” davlat korporatsiyasi raisi Gurbangeldi Garliyev lavozimini yo‘qotgan. Prezident uni “boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan” degan ta’rif bilan lavozimidan ozod etgan. Garliyev uch yilga yaqin vaqt mobaynida mamlakat yerosti boyliklarini qidirish bo‘yicha mas’ul edi. Uning o‘rnini shu vaqtgacha “Turkmengaz” davlat konserni raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Berdimurat Amanov egallagan.
“Ishda yo‘l qo‘ygan jiddiy kamchiliklari uchun” Madaniyat vaziri Atageldi Shomurodov ishdan bo‘shatilgan. U hukumatda eng uzoq ishlaganlardan biri bo‘lib, o‘z lavozimini to‘qqiz yil davomida egallab kelayotgan edi. Shomurodov oxirgi ogohlantirish bilan hayfsanni besh yil muqaddam Gurbanguli Berdimuhamedovdan olgan. Mulozim bu safar qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydimi yoki unga nisbatan oddiy e’tirozlar to‘planib qolganmi, noma’lum. Yangi Madaniyat vaziri etib ilgari o‘rinbosar lavozimida ishlagan Gurbanmurat Murodaliyev tayinlangan. Prezident unga olti oylik sinov muddati belgilagan.
Ishdagi jiddiy kamchiliklari uchun ishdan bo‘shatilgan yana bir mulozim “Nesil” gazetasi bosh muharriri Ortiqguli Xo‘jaberdiyev bo‘lgan. Uning o‘rniga yarim yillik sinov muddati bilan Xolligo‘zal Shonazarova tayinlangan.
Serdar Berdimuhamedov mintaqaviy boshqaruv organlarida ham bir qator qayta tayinlovlarni o‘tkazgan. U Mari viloyatida Dovranberdi Annaberdiyevni “boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan” lavozimidan ozod etgan.
Annaberdiyev ushbu kursini ropa-rosa bir yil egallagan va bu davr mobaynida viloyatning ko‘plab muammolarini hal eta olmagan: dehqonlar va mamlakat hosilni yo‘qotishiga olib kelayotgan qishloq xo‘jaligidagi korrupsiya, yozgi issiqda elektr energiyasidagi ommaviy uzilishlar, yonilg‘i tanqisligi. Biroq e’tiborli jihati shundaki, ushbu muammolarning ba’zilarini, masalan agrar sektordagi poraxo‘rlikni sobiq hokimning o‘zi yaratgan yoki chuqurlashtirgan. Chunki u ilgari ham viloyatni boshqargan. Uning avvalgi muddati ham 2023 yilning iyul oyida, ammo ancha dramali tarzda yakunlangan: ishdan bo‘shatilganidan so‘ng u hibsga olinib, 25 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Manbalar xabariga ko‘ra, hukmda beparvolik va o‘zlashtirish ayblari rol o‘ynagan, jinoyat ishi go‘yoki Gurbanguli Berdimuhamedovning xohishi bilan ochilgan. O‘z navbatida, Annaberdiyevning muddatidan oldin ozod qilinishini ta’minlagan shaxs sifatida aynan Serdar Berdimuhamedov tilga olingan. Annaberdiyevning o‘rniga prezident Botir Orazgilijovni tayinlagan.
Bolqon viloyatida Rovshen Jumayev yangi hokim bo‘lgan. U Ahal viloyatining Oqbug‘doy tumani hokimi lavozimidan o‘tkazilgan. U yerga esa sobiq hokim o‘rinbosari Ezizgeldi Ashirov ko‘tarilgan.
Shuningdek, Lebap viloyatini endilikda bungacha Bolqon viloyatini boshqargan Xo‘jamurod Ashurmurodov boshqaradi. Durdi Genjiyev lavozimidan ozod etilgan. U bir yil davomida viloyat rahbarligini Davlat suv xo‘jaligi qo‘mitasi raisligi bilan birga olib borgan.
Live
Barchasi