966 ta kamera, minglab mahkum va to‘liq nazorat: “Toshturma”dagi o‘zgarishlar
Jamiyat
−
31 iyul 5870 4 daqiqa
Tergov hibsxonasi deyilganda ko‘pchilikning xayoliga hukm chiqmasidanoq umri singan, qiynoqlar haqidagi gap-so‘zlar tinmaydigan, devorlari sir saqlaydigan qorong‘i binolar keladi. Bu tasavvur bejiz shakllanmagan. Keyingi yillarda mamlakatdagi ayrim tergov hibsxonalarida o‘lim holatlari, qiynoqlar va bosim haqidagi xabarlar jamoatchilikda jiddiy savollar uyg‘otgan.
Joriy yilning fevral oyida Samarqanddagi tergov hibsxonasida saqlanayotgan sobiq “Raygaz” rahbarining o‘ligi chiqqandi. 9 iyun kuni esa Buxorodagi 4-son tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxs qiynoqqa solinayotgani va undan majburiy ko‘rsatma olinayotgani haqidagi xabarlar ortidan muassasaning ayrim xodimlariga nisbatan tergovga qadar tekshiruv boshlandi.
Endi Ichki ishlar vazirligi bunday holatlarning oldini raqamlashtirish va to‘liq videonazorat orqali olishni maqsad qilgan. Bu jarayon xalq orasida “Yangi Toshturma” nomi bilan tanilgan Zangiotadagi Markaziy tergov hibsxonasidan boshlandi. 30 iyul kuni mazkur muassasada tashkil etilgan press-tur davomida QALAMPIR.UZ muxbiri yangi tizim qanday ishlashi, mahkumlarga yaratilayotgan sharoitlar va xavfsizlik choralari bilan tanishdi.
Endi har bir harakat kamerada bo‘ladi
Markaziy tergov hibsxonasida xavfsizlik choralari sezilarli darajada kuchaytirilgan. Muassasaga kirib chiqadigan har bir transport vositasi sun’iy intellekt texnologiyasiga asoslangan nazorat tizimi orqali tekshiriladi. Tergov ostidagi shaxslarni tashish uchun kamera, ventilyatsiya va maxsus himoya vositalari bilan jihozlangan 10 dan ortiq maxsus avtotransport xizmat qiladi.
Yangiliklardan biri – respublikadagi barcha tergov hibsxonalari bosqichma-bosqich ovozli va ovozsiz videokuzatuv kameralari bilan jihozlanadi. Mas’ullarning fikricha, bu qiynoqlar, noqonuniy harakatlar va turli bahsli holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
“Toshturma” qiynoq izlari bilan kelganlarni qabul qilmaydimi?
Jamoatchilik orasida Zangiotadagi Markaziy tergov hibsxonasi boshqa muassasalarda qiynoqqa uchragan yoki og‘ir ahvolga tushib qolgan shaxslarni qabul qilmaydi, degan qarash ham uchraydi.
Muassasa mas’ullariga ko‘ra, har bir shaxs hibsxonaga olib kelinganida uning sog‘lig‘i va psixologik holati DMed tizimi orqali ro‘yxatga olinadi. Agar tan jarohatlari yoki boshqa shubhali holatlar aniqlansa, ular tegishli tartibda qayd etiladi. Bu esa kelgusida qiynoq holatlarini yashirish imkoniyatini cheklashi aytildi.
Shuningdek, hibsxonaga keltirilgan shaxslar endi raqamli platforma orqali ro‘yxatga olinadi. Ularning yaqinlariga avtomatik SMS xabar yuboriladi.
So‘nggi to‘rt oy ichida “Qalqon”, “E-Mahkum” va “Qala” platformalari yagona axborot tizimiga birlashtirilgan. Endi tergov ostidagi shaxslar, mahkumlar va sudlanuvchilar haqidagi ma’lumotlar bir vaqtning o‘zida 25 ta davlat tashkiloti o‘rtasida shaffof almashiladi. Axborot xavfsizligi esa IIV tomonidan ta’minlanadi.
Sentyabrdan “dostavka” xizmati ishga tushadi
Press-turda mahkumlar uchun joriy etilgan raqamli xizmatlar ham taqdim qilindi. Joriy yilning sentyabr oyidan boshlab mahkumlarning yaqinlari oziq-ovqat, posilka, banderol va boshqa yo‘qlovlarni elektron do‘kon orqali yuborishi mumkin bo‘ladi. Shu tariqa hibsxonaga mahsulot olib kelish uchun navbat kutish yoki vositachilar xizmatidan foydalanishga ehtiyoj qolmasligi aytildi.
Muassasa hududida “Raqamli do‘kon”, “M-Billing” va “Videouchrashuv” tizimlari ham ishga tushiriladi.
Bir soatlik sayr – imtiyozmi yoki jazoning davomi?
Tergov ostidagi shaxslar har kuni ertalab soat 08:00 dan 16:00 gacha bir soat davomida yopiq osmon ostidagi maxsus sayr maydonchasidan foydalanishi mumkin.
Yangi tartibga ko‘ra, dam olish va bayram kunlari bu muddat ikki soatgacha uzaytiriladi. Sayrga bir hujrada saqlanayotgan shaxslar birgalikda chiqadi. Ammo bu sayr maydonlari ochiq bog‘ emas. Baland devorlar bilan o‘ralgan, tepasi panjara bilan yopilgan hududdagi bir soatlik havo – bu inson huquqlari nuqtai nazaridan yetarlimi yoki jazoning bir qismi sifatida qolyaptimi? Bu savolga har kim o‘zicha javob beradi.
Ona-bola va voyaga yetmaganlar uchun 55 ta maxsus kamera
Muassasada nafaqat erkaklar va ayollar, balki voyaga yetmaganlar hamda bolali ayollar uchun ham alohida xonalar tashkil qilingan. Xalqaro standartlarga muvofiq jihozlangan 55 ta kamera aynan shu toifa uchun ajratilgan. Yaqin qarindoshlar bilan qisqa muddatli uchrashuv xonalari ham 14 tadan 36 tagacha ko‘paytirilgan.
2018 yilda foydalanishga topshirilgan Zangiotadagi Markaziy tergov hibsxonasi MDHdagi eng o‘ziga xos arxitekturaga ega muassasalardan biri hisoblanadi.
IIV ma’lumotiga ko‘ra, binoga sakkiz qirrali yulduz shakli berilishining asosiy sababi – kameralarga tabiiy yorug‘likning bir xil tushishini ta’minlash, binodan samarali foydalanish va xavfsizlik talablarini bajarishdan iborat. 2024 yilda qurilgan qo‘shimcha binolardan keyin advokatlar xonalari 19 tadan 50 taga, tergov xonalari 6 tadan 25 taga, onlayn sud zallari 4 tadan 11 taga yetkazildi. Muassasa jami 966 ta kamera va qariyb 3 500 dan ortiq shaxsni saqlash imkoniyatiga ega.
Raqamlashtirish, videokuzatuv, elektron posilka, SMS-xabarnoma va sun’iy intellekt orqali nazorat – bularning barchasi tizimni shaffoflashtirishga qaratilgan choralar sifatida taqdim etilmoqda. Biroq bu islohotlarning haqiqiy samarasi press-turlar emas, balki kelgusida tergov hibsxonalaridagi qiynoqlar, shubhali o‘limlar va inson huquqlari bilan bog‘liq mojarolar qanchalik kamayishi bilan baholanadi. Chunki hibsxonadagi eng muhim islohot – yangi devorlar yoki raqamli platformalar emas, balki u yerdan tirik va qonuniy huquqlari himoya qilingan insonlarning chiqishidir.
Live
Barchasi