Endi soliqdan qarzi borlar ham “svet”dan uzilishi mumkin

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 1 million so‘mdan oshgan soliq qarzdorligini undirishda elektr energiyasining billing tizimi mexanizmidan foydalanishni joriy etiladi. Bu haqda Prezidentning kecha, 28 noyabr kuni qabul qilingan “Soliqlarning yig‘iluvchanlik darajasini oshirish va faol soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, Soliq qo‘mitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026 yil 1 yanvardan boshlab Namangan viloyatida yangi soliq boshqaruvi modelini joriy etish bo‘yicha eksperiment o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullangan.

Unga ko‘ra, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va (yoki) yer solig‘i bo‘yicha umumiy summasi 1 million so‘mdan oshgan soliq qarzdorligini undirishda elektr energiyasining billing tizimi mexanizmidan foydalanishni joriy etiladi. Shuningdek, soliq organlari faoliyatini baholashda inson omili ta’sirisiz avtomatik shakllanadigan eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarini joriy etishni tizimli davom ettiriladi.

Soliq qo‘mitasi 2026 yil 1 oktyabrga qadar eksperiment natijalari asosida uni boshqa hududlarda joriy etish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Bundan tashqari, endilikda jismoniy shaxslarning soliq qarzi to‘g‘risidagi ma’lumotlari tijorat banklari va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalari foydalanuvchilariga ilovaning asosiy sahifasida ko‘rinib turadi. Bunda Markaziy bank Soliq qo‘mitasiga amaliy yordam ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 avgustidan boshlab O‘zbekistonda chiqindidan qarzdor iste’molchilarning elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyatini cheklash boshlangan. 

Unga ko‘ra, har oyning 3-sanasiga qadar respublika bo‘yicha qarzdor abonentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining “Toza makon” billing elektron tizimidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning billing tizimiga uzatiladi.

So‘ngra chiqindi xizmatlaridan qarzdor abonentlarga har oyning 5-sanasigacha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “2100” qisqa raqami orqali SMS xabarnoma yuboriladi. Abonentlarga ushbu ogohlantirish yuborilganidan keyin 5 kun qarzdorlikni bartaraf etish uchun qo‘shimcha muddat beriladi. Mavjud qarzdorlik ushbu muddat ichida to‘lanishi lozim. Belgilangan muddatda qarzdorlik bartaraf etilmasa, elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati vaqtinchalik cheklanadi. Mazkur cheklov qarzdorlik bartaraf etilishi bilan avtomatik tarzda yechiladi.


Maqola muallifi

Teglar

soliq elektr energiyasi billing tizimi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing