Endi Putinni tanqid qilgan relokantlarning mulki to‘liq hibslanadi
Olam
−
18:24 1444 2 daqiqa
Endi Rossiyani tark etgan hokimiyat tanqidchilarining mol-mulki ularga qo‘yilgan jarima miqdoridan qat’i nazar hibsga olinadi. Davlat dumasining Davlat qurilishi va qonunchilik qo‘mitasi tegishli qonun loyihasining ikkinchi o‘qishi uchun shunday tuzatishni ma’qulladi. Bu haqda parlament quyi palatasi bazasidagi materiallarda keltirilgan.
Hujjatga ko‘ra (Duma uni yangilangan ko‘rinishda 26 may kuni ko‘rib chiqadi), hibsga olingan mol-mulkning qiymati jarima miqdoridan oshmasligi kerakligi haqidagi norma siyosiy moddalar bo‘yicha ayblangan relokantlarga (xorijga ko‘chib ketganlarga) nisbatan bekor qilinadi. Ushbu moddalar qatoriga Rossiya Qurolli kuchlarini “diskreditatsiya qilish”, “nomaqbul tashkilotlar” faoliyatida ishtirok etish, “chet el agenti” faoliyati tartibini buzish, sanksiyalarga chaqirish va boshqalar kiradi.
Deputatlar tegishli o‘zgartirishlarni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning mol-mulkni hibsga olishni tartibga soluvchi 27.20-moddasiga kiritishni taklif qilmoqda. Qonun loyihasining 2024 yilda Dumaga taqdim etilgan dastlabki versiyasida bu norma mavjud emas edi. Endilikda tuzatishlar tasdiqlanganidan so‘ng, sudlar xorijdagi rossiyaliklarning millionlab rubllik mulkini, hatto jarima miqdori bir necha barobar kam bo‘lsa ham hibsga olishi mumkin bo‘ladi.
Shu bilan birga, ishlar sirtdan ko‘rib chiqiladi: chet eldagi shaxsga sud qarori bilan davlat himoyachisi tayinlanadi. Qonun 2026 yil 1 sentyabrdan kuchga kirishi kerak.
“Xorijiy davlatlar hududlarida turli jamoatchilik yetakchilari va faollari tomonidan Rossiya Federatsiyasi manfaatlariga qarshi qaratilgan faoliyat amalga oshirilayotganiga oid yorqin misollar mavjud”, deyiladi loyihaga ilova qilingan tushuntirish xatida.
Deputatlar ushbu qonunning qabul qilinishini relokantlarga nisbatan “profilaktik ta’sir choralarini qo‘llash”, shuningdek, “Rossiyaning hududiy yaxlitligi va konstitutsiyaviy tuzumi asoslarini buzishga qaratilgan chaqiriqlar bilan bog‘liq harakatlarga chek qo‘yish” zarurati bilan izohlamoqda.
Mazkur qonunning qabul qilinishini 2023 yildayoq Duma spikeri Vyacheslav Volodin e’lon qilgan. U mamlakatga “ommaviy ravishda loy chaplashda” davom etayotgan, ketgan rossiyaliklarning mulkini musodara qilishni boshlashni talab qilgan.
“Bu ablahlar bizning mamlakatimiz tufayli farovon yashamoqdalar. Xorijda turib ko‘chmas mulklarini ijaraga berishadi, Rossiya fuqarolari hisobidan gonorarlar olishda davom etishadi. Shu bilan birga, askar va ofitserlarimizni haqorat qilishadi. Odil sudlov ularga yetib bora olmaydi deb o‘ylab, o‘zlarini jazosiz qolgandek his qilishmoqda”, deb yozgan Volodin.
Live
Barchasi