Endi nasiya hamda kredit reklamalarida tovarning yakuniy narxini ko‘rsatish majburiy bo‘ladi
Jamiyat
−
16 iyul 2674 2 daqiqa
O‘zbekistonda endi jismoniy shaxslarga mo‘ljallangan kredit, muddatli to‘lov, nasiya savdoga oid har qanday reklamada tovarning joriy qiymatiga nisbatan qancha summa qo‘shib to‘lanishi kerakligi hamda yakuniy qiymati qancha bo‘lishi ochiq aytilishi shart bo‘ladi. Bu haqda Prezidentning kecha, 15 iyul kuni qabul qilingan “Aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.
Xujjatda bir qator turli masalalar bilan birga, reklama sohasidagi munosabatlarni tartibga solish ham keltirib o‘tilgan bo‘lib, bu o‘z navbatida nasiya savdosi, mikro qarz va kreditga oid munosabatlarda reklamadagi ma’lumotlarning nomutanosib kelishi yoki yashirilishini oldi olinmoqda.
Qarorda belgilanishicha, 2026 yil 1 sentyabrga qadar jismoniy shaxslarga mo‘ljallangan kredit, nasiya va muddatli to‘lov reklamalariga nisbatan yangi talablar ishlab chiqiladi. Unga ko‘ra, bunday reklamalarda tovar yoki xizmatning boshlang‘ich narxi bilan birga, xaridor umumiy hisobda qancha mablag‘ to‘lashi va yakuniy narx qancha bo‘lishi aniq ko‘rsatilishi shart bo‘ladi.
Shuningdek, bank va boshqa moliyaviy xizmatlar reklamasida, agar shartnoma tuzilgunga qadar aniq belgilab bo‘lmaydigan holatlar mavjud bo‘lsa, kelajakda muayyan daromad yoki foyda kafolatlanishi haqidagi va’dalarni berishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu moliyaviy xizmatlar reklamasining haqqoniyligi va shaffofligini oshirishga qaratilgan.
Prezident qarorida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Markaziy bank hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026 yil 1 sentyabrga qadar mazkur o‘zgarishlarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi kerakligi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur hujjatga binoan, O‘zbekistonda mobil reklama, spam-qo‘ng‘iroqlar va SMS-xabarlar borasida fuqarolar huquqlarini himoya qilish sezilarli darajada kuchaytirilayotgani, shuningdek, voyaga yetmaganlarning huquqlari kengaytirilayotgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi