Endi magistraturada o‘qiydigan barcha xotin-qizlarning kontrakti to‘lab beriladi
Jamiyat
−
10 mart 2022
78462023 yilda O‘zbekistondagi davlat oliy ta’lim muassasalarida magistraturada o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari qoplab beriladi va bunga har yili kamida 200 milliard so‘m ajratiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan.
Farmonga muvofiq, 2022 yil 1 sentyabrdan byudjet tashkilotlaridan boshqa barcha yuridik shaxslarda oxirgi 6 oyda uzluksiz ish staji bo‘lgan ayollarga har oy uchun minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan kelib chiqib byudjet hisobidan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lanadi.
2022/2023 o‘quv yilidan OTM, texnikum va kollejlarda, sirtqi va kechki ta’limda o‘qiyotgan xotin-qizlar kontraktlarini to‘lash uchun 7 yilga foizsiz kredit berish uchun banklarga byudjetdan har yili 1,8 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Davlat OTMlarida magistraturada o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari qoplab beriladi va bunga har yili kamida 200 milliard so‘m ajratiladi.
Shuningdek, xorijiy OTMlarga bakalavriat uchun – 50 nafar, magistratura uchun – 10 nafar xotin-qizlarga har yili “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali qo‘shimcha grantlar ajratiladi. Har yili 2 100 nafar ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlarning ta’lim kontraktlari mahalliy byudjetdan to‘lab beriladi.
Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan 500 nafar xotin-qizlar har yili Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tavsiyanomalariga asosan davlat OTMlariga umumiy kvotadan tashqari alohida test sinovlari natijalariga muvofiq kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Bundan tashqari, davlat ilmiy tashkilotlari yoki OTM doktoranturasiga xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratib boriladi.
LiveBarchasi