Endi qizlarni majburlab turmushga berish jinoyat deb hisoblanadi. Qozog‘istonda!
Olam
−
29 may 2025 2749 2 daqiqa
Qozog‘istonda majburan turmush qurishga undaganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy qilinadi. Bu haqda “Informburo.kz” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mamlakat parlamenti Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeks va Jinoyat-ijroiya kodeksini optimallashtirish bo‘yicha qonunni ikkinchi o‘qishda qabul qilgan. Qonunga kiritilgan o‘zgartishlar doirasida Jinoyat kodeksiga yangi 125-1-moddani qo‘shish taklif qilingan – bu modda “Turmush qurishga majburlash” deb nomlanadi.
Ushbu jinoyat uchun moliyaviy jarima, majburiy ishlarga yuborish, erkinlikni cheklash yoki ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari belgilangan. Agar jinoyat zo‘ravonlik ishlatish yo‘li bilan, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan, bir guruh shaxslar tomonidan yoki xizmat mavqeyidan foydalangan holda sodir etilsa, 3 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi ko‘zda tutilgan.
Agar bu harakatlar og‘ir oqibatlarga olib kelsa, jinoyatchiga 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, agar jabrlanuvchi keyinchalik ixtiyoriy ravishda ozod qilinsa ham, bu holat aybdorni jinoiy javobgarlikdan ozod etmaydi, hatto boshqa jinoyat tarkibi aniqlanmagan bo‘lsa ham.
Qonun, shuningdek, “staliking” deb ataladigan harakatlar – ya’ni fuqaroning irodasiga qarshi ravishda uni kuzatish yoki muloqotga majburlash kabi noqonuniy ta’qiblar uchun ham jinoiy javobgarlik joriy qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mamlakat parlamentining deputati Murat Abenov so‘nggi uch yilda huquqni muhofaza qilish organlariga kelin o‘g‘irlash bo‘yicha 214 ta ariza tushganini ma’lum qilgan edi. Ammo shulardan atigi 10 tasi sudgacha yetib borgan, qolgan ishlar jinoyat tarkibi yo‘qligi sababli yopilgan.
Live
Barchasi