Kurs UZS

USD

12 953.20

15.09

EUR

14 058.11

-18.55

RUB

151.13

1.14

Endi har yili ikki marta Prezident Olimpiadasi tashkil etiladi

Sport

image

Yilda ikki marta hududlarda olimpiya sport turlari bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda bugun, 13 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishiga ma’lum qilindi.

Tuman va viloyat sovrindorlarini hokimlar rag‘batlantirib boradi.

Viloyat bosqichi g‘oliblari har yili 10-20 dekabr kunlari Olimpiya shaharchasida o‘tkaziladigan Prezident olimpiadasida ishtirok etadi.

Musobaqa g‘oliblari uy, avtomobil kabi qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Birinchi va ikkinchi o‘rinni olgan sportchilar Respublika olimpiya va paralimpiya markaziga qabul qilinadi. 

Bunda 1-2 kurs o‘quvchilariga stipendiya to‘lash yo‘lga qo‘yiladi.

Joylarda yosh iqtidorlarni aniqlab, ularni tayyorlaydigan insonlar – birinchi murabbiylardir. Lekin, bugungi kunda sportchilarni erishgan natijasi uchun faqat sport maktablari yoki terma jamoa murabbiylari rag‘bat olayapti.

Prezident bu adolatdan emasligini qayd etib, endilikda sportchilarni yetishtirib chiqargan birinchi murabbiylarga sportchilar va terma jamoa murabbiylari uchun ko‘zda tutilgan rag‘batning 10 foizgacha qismini mukofot sifatida berilishini ta’kidladi.

So‘nggi uch yilda parasport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar 4 karra ko‘payib, 7 mingdan oshdi, ayol parasportchilar ulushi 29 foizga yetdi.

Ilgari bu toifadagi yoshlar uchun atigi 33 ta maktabda sport to‘garaklari bor edi, bugun bunday maktablar soni 235 taga yetdi. 

Shu bilan birga, nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportchi qilib tayyorlashda ilmga asoslangan metodika, standartlar, o‘quv adabiyotlari yetishmasligi, sodda qilib aytganda, sog‘lom sportchilar uchun talablar shunday ko‘chirilib qo‘yilgani sababli bu sohada “katta sakrash” bo‘lmayapti.

Shu bois har yili kamida 100 nafar nogironligi bo‘lgan sportchilar va ularning murabbiylari malaka oshirish uchun xorijga yuboriladi.

Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikda nogironligi bo‘lgan yoshlarni sport bilan qamrab olish bo‘yicha ilmiy asoslangan metodika va standartlarni ishlab chiqadi. Universitetning Toshkentdagi filialida adaptiv sport bo‘yicha alohida fakultet ochiladi.

Shuningdek, hududlardagi 39 ta sport maktabi parasport turlariga ixtisoslashadi.

Videoselektorda parasportchilar, ayniqsa nogironligi bo‘lgan qizlarning imkoniyatiga qarab, boshqa sportchilar bilan birga shug‘ullanishiga sharoit yaratish muhimligi ta’kidlandi.

Sportchi va parasportchilarni tayyorlaydigan murabbiylarga malaka sertifikati berish va ularni qayta tayyorlash tizimi soddalashtiriladi.

Bu toifadagi yoshlardan terma jamoalarni shakllantirish bo‘yicha seleksiya tizimi boshqa sportchilar bilan bir xil bo‘lib qolgani ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, bugungi kunda faqat respublika musobaqalari sovrindorlari terma jamoaga qabul qilinyapti.

Nogironligi bo‘lgan sportchilar uchun bu tizim mutlaqo o‘zgartiriladi. Bundan buyon yoshlar musobaqa natijasiga qarab emas, balki sport normativlarini bajarishiga qarab ham terma jamoaga qabul qilinadi.

Sport musobaqalari va sport yig‘inlarini tashkil qilishda olimpiya va paralimpiya tizimiga o‘tiladi. Endi qayerda qanday chempionat bo‘lsa, unga yonma-yon parasport musobaqasi ham o‘tkaziladi, yig‘inlar ham birgalikda tashkil qilinadi.

Bu haqiqiy inklyuziv tizimga aylanadi, nogironligi bor sportchilar uchun motivatsiya va rag‘bat bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Sport boshqarmalari boshliqlariga uch oylik sinov tayinlagani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident Olimpiada

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing