Dunyoning eng keksa futbolchisi yana bir yil futbolda qoladigan bo‘ldi
Sport
−
25 iyun 5340 1 daqiqa
Yaponiyalik 59 yoshli futbolchi Kadzuyoshi Miura “Yokogama” klubi bilan yangi bir yillik shartnoma imzoladi. Bu haqda jamoa matbuot xizmati ma’lum qildi.
Klub xabariga ko‘ra, futbolchining yangi kelishuvi bir mavsumga mo‘ljallangan. Miura kelasi mavsumni Yaponiya uchinchi divizioni vakili – “Fukusima Yunayted” klubida ijara asosida o‘tkazadi.
Kadzuyoshi Miura 2005 yildan buyon “Yokogama” futbolchisi hisoblanadi. U faoliyati davomida Yaponiyaning “Suzuka Poynt Getters” va “Atletiko Sudzuka”, Avstraliyaning “Sidney” hamda Portugaliyaning “Oliveyrense” klublarida ijara asosida to‘p surgan.
Shuningdek, tajribali hujumchi Braziliyaning “Palmeyras”, “Koritiba” va “Santos”, Xorvatiyaning “Dinamo Zagreb” hamda Italiyaning “Jenoa” jamoalari sharafini ham himoya qilgan.
Ma’lumot uchun, Miura Yaponiyaning ikki karra chempioni hisoblanadi. U milliy terma jamoa bilan 1992 yilgi Osiyo kubogida g‘olib chiqqan. Kelasi 2026-2027 yilgi mavsum uning professional faoliyatidagi 42-mavsum bo‘ladi.
Live
Barchasi