Dunyoga mashhur josus AQSH qamoqxonasida vafot etdi
Olam
−
08 yanvar 11800 2 daqiqa
AQSHning Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) sobiq xodimi, sovet razvedkasi foydasiga josuslik qilgan Oldrich Eyms 84 yoshida Merilend shtati qamoqxonasida vafot etdi. Bu haqda Federal qidiruv byurosi (FBI) vakiliga tayanib, “CBS News” xabar berdi.
Eyms AQSH maxsus xizmatlari tarixidagi SSSR tomonidan eng samarali yollangan xodimlardan biri hisoblanadi. U 1962 yildan boshlab CIA’da ishlagan va asosan “sovet yo‘nalishi” bo‘yicha faoliyat olib borgan. Keyinchalik tergovchilar bilan suhbatda Eyms 1985 yilda o‘z ixtiyori bilan Vashingtondagi SSSR elchixonasiga kelib, hamkorlikni taklif qilganini tan olgan.
Bir necha yil davomida avval sovet, keyin esa Rossiya maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilgan Eyms G‘arb razvedkalarining KGB tomonidan yollangan kamida o‘n nafar agenti haqida ma’lumotlarni oshkor qilgan. Shuningdek, u CIA’ning SSSR hududidagi maxfiy operatsiyalariga oid muhim sirli ma’lumotlarni ham topshirgan. Eyms buni pul evaziga qilgan bo‘lib, umumiy hisobda taxminan 2,5 million dollar olgan. Keyinchalik u 1970 yillarda tanish bo‘lgan “Pravda” gazetasi muxbiri uning qarashlariga ta’sir qilganini aytgan.
FBI uni faqat 1993 yilda, faqat tor doiradagi shaxslargina xabardor bo‘lgan maxfiy tergovdan so‘ng aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Eymsni hibsga olish to‘g‘risidagi qaror uning Moskvaga rejalashtirilgan safaridan bir necha kun oldin qabul qilingan.
CNN’ning yozishicha, Eyms ishi CIA faoliyatida jiddiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lgan. Xususan, maxfiy ma’lumotlarga ega bo‘lish huquqiga ega xodimlar doirasi qisqartirilgan, xodimlarning moliyaviy ahvoli va xorijiy safarlari ustidan nazorat kuchaytirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning 40-prezidenti Ronald Reyganning o‘g‘li Maykl Reygan 80 yoshida Los-Anjelesda vafot etgandi.