Arab-islom sammiti: Ko‘rfaz qo‘shma mudofaani ishga tushiradi
Tahlil
−
16 Sentabr 13224 7 daqiqa
Kecha, 15 sentyabr kuni Dohada bo‘lib o‘tgan arab va islom davlatlari rahbarlarining favqulodda sammiti ishtirokchilari Isroilning Qatar poytaxtida HAMAS rahbarlariga qaratilgan “qo‘rqoqona” hujumini qoraladi, ammo ular aniq choralar to‘g‘risida va’da bermadi. Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashining “qo‘shma mudofaa mexanizmni ishga tushirish” va’dasi sammitdagi eng amaliy natija bo‘ldi.
Sammitni Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy ochdi va Isroilning bombardimonini “ochiqdan-ochiq, xiyonatkor va qo‘rqoq” deb atadi.
“Mening mamlakatim poytaxti xiyonatkorona hujumga uchradi. U yerda HAMAS rahbarlarining oilalari va muzokarachi delegatsiyasi joylashgan uy nishonga olindi”, dedi Shayx Tamim.

Uning ta’kidlashicha, delegatsiya o‘sha paytda AQSH qo‘llab-quvvatlagan G‘azo bo‘yicha otashkesim taklifini muhokama qilayotgan edi. Shayx Tamim Isroil hukumatini “qudrat, takabburlik va qonxo‘rlikka shaydolik”da ayblab, unga qarshi aniq choralar ko‘rishga chaqirdi. Unga ko‘ra, vositachilarga hujum Isroilning tinchlikka haqiqiy qiziqishi yo‘qligini va G‘azo urushiga barham berish bo‘yicha muzokaralarni “buzishni ko‘zlaganini” ko‘rsatdi.
Favqulodda sammit 9 sentyabrdagi Isroil havo hujumidan keyin chaqirildi. Ushbu hujumda olti kishi halok bo‘lgan edi.
Olti Ko‘rfaz davlatlarini ifodalaydigan Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi “Qatar singari birodar davlatga qarshi Isroilning shafqatsiz tajovuzi”ni qoraladi va uni “umumiy Ko‘rfaz xavfsizligi hamda mintaqaviy tinchlik va barqarorlikka to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid” deb atadi.
Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi Qo‘shma mudofaa kengashi va Oliy harbiy qo‘mita yig‘ilishini chaqirishga kelishdi. Qo‘mitalar “Isroil tajovuzidan kelib chiqqan holda a’zo davlatlarning mudofaa salohiyati va tahdid manbalarini baholaydi” hamda “qo‘shma mudofaa mexanizmlari va Ko‘rfazdagi tiyib turish qobiliyatlarini faollashtiradi”.

Bahrayn, Kuvayt, Ummon, Qatar, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarini o‘z ichiga olgan Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi a’zolarining xavfsizlikni ta’minlash uchun mudofaa pakti mavjud. Yaqin kunlarda Dohada yagona qo‘mondonlik sammiti chaqiriladi.
“Birlashgan qo‘mondonlik yig‘ilishi bu yerda, Dohada bo‘lib o‘tadi va u Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi davlatlarining xavfsizligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlanadi. Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi bir safda turibdi”, dedi Qatar TIV vakili Majid Muhammad al-Ansoriy.
Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi a’zolari 2000 yilda qo‘shma mudofaa shartnomasiga imzo chekkan edi. Unga ko‘ra, bir davlatga hujum butun a’zolarga qilingan hujum hisoblanadi. Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi “Qatarning xavfsizligi, barqarorligi va suverenitetini har qanday tahdidlarga qarshi himoya qilish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar qilishga tayyor”ligini bildirdi.
Biroq Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashining o‘z-o‘zini himoya qilish majburiyati NATO harbiy ittifoqidagidek qat’iy emas. Chunki Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashida yagona harbiy qo‘mondonlik tizimi yo‘q. A’zolarga nisbatan avvalgi hujumlar, masalan, Yaman husiylari tomonidan Saudiya va BAAga qilingan zarbalar vaqtida Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi qo‘shma mudofaa choralarini ko‘rmagan. Shunga qaramay, Ko‘rfaz rahbarlari allaqachon Isroilning Livan, Suriya va Erondagi tajovuzkorona harakatlaridan tashvishga tushgan edi. Ularning aholisi ham G‘azodagi genotsiddan qattiq g‘azabda. Bu yerda 64 900 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. AQSHning Isroil hujumlariga beparvoligi ham Ko‘rfazni xavotirga solgan.
Isroilning ekspansionistik orzusi
Qatar Amiri sammitda Isroilning mintaqaviy ekspansiyasidan ogohlantirib, uning Livan, Suriya va Yamandagi qayta-qayta bombardimonlari, Suriya yerlarini egallab olishi va Janubiy Livandan chiqishdan bosh tortishi haqida gapirdi.
Amirning so‘zlariga ko‘ra, Binyamin Netanyaxu “arab mintaqasini Isroil ta’sir doirasiga aylantirishni orzu qilmoqda, ammo bu – xatarli illyuziya”.
Sammitda Isroilga qarshi aniq siyosiy yoki iqtisodiy choralar e’lon qilinmadi. Biroq Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi Bosh kotibi Jasim Muhammad al-Budayviy AQSH Prezidenti Donald Trampni Isroilga ta’sir ko‘rsatishga chaqirdi:
“Biz strategik hamkorlarimizdan Isroilga bosim o‘tkazishni kutamiz. Ular bunday imkoniyatga ega va uni qo‘llash vaqti keldi”.
Sammitning yakuniy hujjati, asosan, qoralovlar va Qatarga hamdardlik ifoda etish bilan cheklandi:
“Biz Isroilning Qatarga qaratilgan qo‘rqoqona va noqonuniy hujumini eng qat’iy tarzda qoralaymiz. Qatar bilan mutlaq hamdardlikda turibmiz va uning qadamlarini qo‘llab-quvvatlaymiz”, deyiladi bayonotda.

Hujjatda Qatarning vositachilik roli qo‘llab-quvvatlandi, hujum uchun hech qanday asosni qabul qilib bo‘lmasligi aytildi. Shuningdek, Isroilning “Qatarni yana nishon qilishi mumkinligi haqidagi tahdidlari” keskin rad etildi.
“Biz Isroilni xalqaro maydonda javobgarlikka tortamiz. Biz uchun asosiy vosita – xalqaro huquq va xalqaro tashkilotlar”, dedi Qatar TIV vakili al-Ansoriy.
Ayrim davlatlarning qattiqroq chaqiriqlari

Qo‘shma bayonot aniq choralarni o‘z ichiga olmagan bo‘lsa-da, bir nechta davlat rahbarlari qat’iyroq takliflar bilan chiqdi:
- Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an iqtisodiy bosim o‘tkazishga chaqirdi va buning o‘tmishda samara berganini ta’kidladi. Shuningdek, Isroil rasmiylarini xalqaro huquqiy mexanizmlar orqali sud qilishni taklif qildi.
- Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy Isroilning Qatarga hujumini “xalqaro huquqning jiddiy buzilishi va xavfli pretsedent” deb baholadi. U Isroil xalqiga murojaat qilib, tinchlik shartnomalarini vayron qilmaslikka chaqirdi.
- Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif BMTda Isroil a’zoligini to‘xtatish va arab-islomiy qo‘shma guruh tuzishni taklif qildi.
- Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim “qoralovlar raketalarni to‘xtatmasligini, bayonotlar Falastinni ozod qilmasligini” aytdi va Isroilga nisbatan qattiq sanksiyalar hamda u bilan diplomatik-iqtisodiy aloqalarni uzishni taklif qildi.
- Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon ham musulmon davlatlarini Isroil bilan aloqalarni uzishga chaqirdi.
AQSHning beparvoligi
“Middle East Eye” nashri o‘tgan haftada AQSH Prezidenti Donald Tramp Qatarga qilingan hujumni “yoqladi” deb xabar bergan edi. Kecha, 15 sentyabr kuni Amerikaning “Axios” portali ham Trampning bu hujum haqida oldindan xabardor va rozi bo‘lgani haqidagi xabar berdi.
Shuningdek, oddiy holatda AQSHning Dohadagi operatsiya markazi bilan aloqada bo‘lishi kerak bo‘lgan ayrim rasmiylar 9 sentyabrdagi hujum vaqtida “aloqa yo‘qolgan”ini aytdi. Bu operatsiyani amalga oshirish uchun maxsus ravishda aloqalar uzilganini ko‘rsatishi mumkin.
Ko‘rfazning boy sun’iy monarxiyalari uzoq yillar AQSHga xavfsizlik bo‘yicha tayanadi. Qatarda AQSHning mintaqadagi eng yirik harbiy bazasi joylashgan. Isroil bombardimon qilgan bino esa Dohadagi AQSH elchisining qarorgohidan uzoq emas edi.
Tahlilchilar aytishicha, BAA ichida – Isroilning eng yaqin arab hamkori – Qatarga qilingan hujumga qanday javob berish bo‘yicha ixtiloflar mavjud. “Haaretz” o‘tgan haftada Qatar BAAdan Isroildagi elchixonasini yopishni so‘raganini xabar qildi.
Doha sammiti esa AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashish paytiga to‘g‘ri keldi. Rubio bilan qo‘shma matbuot anjumanida Netanyaxu HAMAS a’zolari bo‘lgan davlatlarga yana zarba berish ehtimolini istisno etmadi. Turkiya, Misr va Qatar turli vaqtlarda HAMAS amaldorlarini qabul qilib kelgan. Shulardan Turkiya NATO a’zosi sanaladi.

Rubio esa Isroilning Qatarga hujumiga ochiqdan-ochiq qarshilik bildirmadi. Bu orada, Tramp chalkash bayonot berdi va u AQSHning hujumdagi ishtirokiga ishora qilgandek bo‘ldi hamda keyingi Isroil zarbalarini istisno etmadi.
“Qatar AQSHning ulkan hamkori bo‘lib kelgan. Ko‘pchilik bundan bexabar, ammo uning Amiri ajoyib inson. Men, shuningdek, Netanyaxuga aytib o‘tdimki, biz boshqalarga hujum qilganda ehtiyotkor bo‘lishimiz kerak”, dedi Tramp.
Qatar va Misr AQSH so‘rovi bilan HAMAS va Isroil o‘rtasida vositachilikda muhim rol o‘ynagan. Isroilning Dohani bombardimon qilishi ortidan ayrim tahlilchilar va diplomatlar Qatar o‘z vositachilik harakatlarini to‘xtatishi mumkinligini ta’kidladi.
Biroq 15 sentyabr kuni Rubio vositachilikni umuman ahamiyatsizdek ko‘rsatib, HAMASni “terroristik guruh, uning maqsadi – yahudiy davlatini yo‘q qilish” deb atadi.
“Shuning uchun biz bu jarayondan (otashkesimdan) hech narsa kutayotganimiz yo‘q”, dedi Rubio.
Qatar TIV vakili Al-Ansoriyning ta’kidlashicha, Qatar AQSH bilan yaqin muloqotda bo‘lib, keyingi qadamlar yuzasidan muzokaralar olib bormoqda.
Rim universiteti professori Andrea Dessi Doha sammitini izohlar ekan, arab-islom davlatlari orasida ohang o‘zgarganini aytdi.
“Hozircha ritorika darajasida o‘zgarishni ko‘rmoqdamiz. Ammo keyin harakatlar ham bo‘lishi kerak”, dedi u.