Diplomatik mojaro boshlagan Xitoy elchisi persona non grata deb e’lon qilinishi mumkin
Olam
−
24 aprel 2023 11968 1 daqiqa
Yevropa Parlamentlarining 80 dan ortiq vakillari Fransiya Tashqi ishlar vaziri Ketrin Kollonadan Qrim va postsovet davlatlarining suvereniteti haqidagi gaplari uchun Xitoy elchisini persona non grata deb e’lon qilishni talab qilmoqda. Bu haqda “Le Monde” gazetasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, deputatlar bu bo‘yicha Fransiya Tashqi ishlar vazirligiga maktub ham yo‘llagan. Murojaat mualliflarining fikriga ko‘ra, xitoylik diplomatning bunday bayonoti “Yevropa davlatlari xavfsizligiga tahdid” sifatida baholanishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, Xitoyning Fransiyadagi elchisi Lu Shay joriy yilning 21 aprel kuni LCI kanaliga bergan intervyusida Qrim tarixan Rossiyaga tegishli bo‘lgani va keyinchalik Xrushchyov uni Ukrainaga berib yuborganini, shuningdek, postsovet respublikalarining mustaqilligi uchun asos “ishonchli emasligi”, boisi buni tasdiqlovchi “hech qanday xalqaro shartnoma mavjud emasligini” ta’kidlab, diplomatik mojaroga sabab bo‘lgandi. Diplomat, shuning uchun, Fransiya Tashqi ishlar vazirligiga ham chaqirilgan.
Keyinroq Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Ning elchining gaplariga izoh berib, mamlakat sobiq sovet davlatlarining suverenitetini hurmat qilishini, biroq Qrimga nisbatan pozitsiya o‘zgarmasligini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi