2026 og‘ir sinovli keladi – Yilga nazar
Tahlil
−
28 dekabr 3857 18 daqiqa
Yana bir yilni ortda qoldiryapmiz. Vaqt oqar suvdek o‘tib ketyapti. Ulg‘ayyapmiz, mas’uliyatimiz, tashvishlarimiz, muammolarimiz ortyapti. Hayotning o‘zi yangidan yangi sinovlarni qarshimizdan chiqaryapti. Shaxsiy sinovlar haqida gapirmayapman, butun davlat, jamiyat, insoniyat oldida turgan sinovlar borki, daxldorligimizni oshirish, ishtirokimizni kengaytirish, chetdan tomoshiban bo‘lib turish emas, maydonda to‘p surishga undaydi. Ayniqsa, O‘zbekistonda! Xo‘sh, ortga nazar soling. Bu yil nimaga erishdingiz? Ijtimoiy turmushingizda nimalar o‘zgardi. Daromadingiz o‘sdimi, uy oldingizmi, mashinali bo‘ldingizmi, ro‘zg‘oringiz barakalandimi? Nimasi bilan yodda qolyapti bu yil.
Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga safari
Tugayotgan hafta Prezident Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga har yili dekabr oyi oxirida amalga oshiradigan va yillik xorijiy safarlarni yakunlab beradigan amaliy tashrif bilan boshlandi. Davlat rahbari Yaponiyadan to‘g‘ri Sankt-Peterburgga keldi va 21-22 dekabr kunlari Yevroosiyo Oliy iqtisodiy kengashining navbatdagi majlisida kuzatuvchi maqomida va MDH davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi.
Prezident YeOII yig‘ilishidagi nutqida tuzilma mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish O‘zbekiston tashqi iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanini bildirdi.
O‘zbekiston va YeOII o‘rtasida bojxona chegaralari orqali o‘tkazilayotgan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotni almashish to‘g‘risida bitim tuzish yuzasidan muzokaralarni boshlash qarori qabul qilindi. Texnik jihatdan tartibga solish, sertifikatlash va bojxona ma’muriyatchiligidagi tafovutlar bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal etish maqsadida tarif va notarif to‘siqlar bo‘yicha “O‘zbekiston – EOII” qo‘shma muvofiqlashtiruvchi guruhini tuzish taklif etildi.
Prezidentga ko‘ra, O‘zbekiston EOII bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdori.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev MDH davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ham ishtirok etdi. Unda bu yildagi ishlarning asosiy yakunlari sarhisob qilindi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar belgilab olingn. Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilingan.
Tashrif bahonasida Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan shaxsiy hissasi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonga Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofoti topshirildi.
Tugayotgan yilda Rossiya O‘zbekistonning asosiy hamkor davlati o‘laroq ro‘yxat boshida keldi. Yil boshidan buyon Mudofaa vaziri Andrey Belousov, Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Maksim Oreshkin, Hukumati Raisining o‘rinbosarilari Denis Manturov, Marat Xusnullin, Aleksandr Novak, Davlat Dumasi Raisi Vyacheslav Volodin, Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko, Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Sankt-Peterburg shahri gubernatori Aleksandr Beglov kabi rasmiylar O‘zbekistonga kelib, Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘ldi. Ikki davlat Prezidentlari o‘rtasida yil davomida 9 ta telefon muloqoti kechdi. Davlat rahbarlari Moskva, Minsk, Pekin va Dushanbedagi tadbirlarda uchrashdilar.
2025 yilning yanvar-noyabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida eksport hajmi 30,9 mlrd AQSH dollarni tashkil etgan bo‘lib, 4 mlrd dollarlik hissa bilan Rossiya ro‘yxatning boshida kelmoqda. Umuman, O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining 16,2 foizi Rossiya bilan bog‘liq. Sayyohlar tashrifi bo‘yicha Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistondan keyingi o‘rinda turgan Rossiyadan yanvar-noyabr oylarida 923,8 ming nafar turist kelgan. O‘zbekistonda chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 17,9 mingtaga yetgan bo‘lsa, shundan 3 209 tasi Rossiya chekiga tushgan.
Ammo AQSH va Yevropa mamlakatlari Rossiyaning Ukrainaga bosqini fonida qator o‘zbekistonlik tadbirkorlar va biznes sub’ektlarni Rossiya bilan iqtisodiy hamkorligi uchun sanksiyalar ro‘yxatiga kiritishda davom etmoqda. Masalan dekabr oyida Farg‘ona kimyo zavodi, Gelion Business Trade, Chemistry International, Raw Materials Cellulose kompaniyalari, shuningdek, Toshkentda tug‘ilgan Rustam Mo‘minov Britaniya qora ro‘yxatiga kirdi. Noyabr oyida Rustam Mo‘minov nomi Yevropa Ittifoqining 19-sanksiyalar paketida ham tilga olingandi.
Shu o‘rinda aytish o‘rinli, Prezident Rossiyaga borgan kuni uning Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha vakili Azizbek O‘runov Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov bilan birgalikda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida ikki tomonlama bozorga kirish muzokaralarini yakunlovchi protokolni imzoladi. Oldinda esa Tayvan bilan muzokaralar jarayoni qoldi va qarabsizki, 2026 yilda JSTga a’zo bo‘lish jarayoni to‘liq yakunlanadi. Bu albatta, O‘zbekiston uchun juda kutilgan voqealik, tarixiy qadam. Biroq, mamlakat ichidagi tadbirkorlar uchun haqiqiy sinov. Unga bardosh bera olgan, raqobatga chidamli ishlab chiqaruvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchi gullaydi, moslasholmaganlarga esa qiyin bo‘lishi turgan gap.
Shavkat Mirziyoyev Donald Tramp bilan gaplashdi
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga qaytgani bilanoq unga Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Suhbat avvalida davlat rahbarlari taomilga ko‘ra mamlakatlari xalqlarini Yangi yil bilan tabriklagan.
Prezidentlar oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini, shuningdek, O‘zbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish istiqbollarini batafsil ko‘rib chiqqan.
Shavkat Mirziyoyev yana bir bor Prezident Donald Trampning joriy yilda ichki va tashqi siyosatda erishgan muvaffaqiyatlariga yuksak baho berib, uning o‘tkir xalqaro inqirozlar va mojarolarni hal etish borasidagi samarali sa’y-harakatlarini alohida ta’kidladi. Yodingizda bo‘lsa, Mirziyoyev Trampni dunyoda 7 taa nizoga chek qo‘ygani uchun Nobel mukofotiga loyiq deb atagandi. Ammo, bu yil Nobel Trampga nasib etmadi.
O‘zbekiston va AQSH munosabatlari tarixda ilk bor misli ko‘rilmagan darajaga chiqdi. Suhbatda ham ikki tomonlama siyosiy muloqot va almashinuvlar, ayniqsa, yetakchilar darajasida faollashib, mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab bergani muloqotning asosiy mavzusi bo‘lgan.
Suhbat yakunida tomonlar oliy darajadagi faol muloqotlarni davom ettirish niyatini tasdiqladilar hamda amaliy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma tashabbus va dasturlarni ilgari surishga kelishib olgan. Mirziyoyev Amerika yetakchisini o‘zi uchun qulay vaqtda O‘zbekistonga taklif qilgan.
Tramp Markaziy Osiyoning yana bir davlati – Qozog‘iston Prezidenti Qosim Jomart-To‘qayevga ham qo‘ngiroq qilgan. U To‘qayev va Mirziyoyev bilan suhbat haqida o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozarkan, ikki davlat Prezidentini ham 2026 yilda Mayamida bo‘lib o‘tadigan katta yigirmatalik davlatlari rahbarlarining sammitiga taklif qilishini bildirgan.
Umuman olganda tugayotgan yil O‘zbekiston va AQSH uchun muhim tarixiy yil bo‘ldi. Sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkka borgan Shavkat Mirziyoyev AQSH yetakchi kompaniyalari, investitsiya jamg‘armalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan samarali muloqotlar o‘tkazdi. AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorni qabul qildi, muhim hujjatlar imzolandi.
Donald Tramp bilan tarixiy va shov-shuvli uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Tramp O‘zbekiston Prezidentini buyuk lider va O‘zbekistonni puli ko‘p mamlakat dedi.
Ushbu yig‘inda O‘zbekiston AQSH bilan 105 milliard dollarlik shartnomalar imzolagani aytildi. “Uzbekistan Airways” 8 milliard dollardan ortiq mablag‘ evaziga 22 ta "787 Dreamliner" sotib olishi bildirildi.
Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 6-7 noyabr kunlari yana AQSHga bordi. Donald Tramp bilan muzokaralar o‘tkazdi, Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining C5+1 formatidagi sammitida ishtirok etdi.
Ayni vaqtda ikki mamlakat o‘rtasida fuqaro aviatsiyasi, avtosanoat, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, energetika va kimyo, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa sohalarda o‘nlab milliard dollarlik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlar va investitsiyalar kengashi tashkil etildi. Kengash faoliyatini O‘zbekiston tomonidan Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva va AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor boshqarib boradi. Prezident Administratsiyasi rahbarining sobiq o‘rinbosari Komil Allamjonov esa O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi maslahatchi-elchisi – Prezident Administratsiyasining AQSHdagi vakili lavozimiga tayinlandi
Prezident murojaatnoma yo‘lladi
2026 yilda ham Rossiya, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Iordaniya, Kuvayt, O‘mon, Hindiston, Pokiston O‘zbekistonning asosiy sheriklari bo‘lib qoladi. Shuningdek, boshqa davlatlar bilan ko‘pqirrali va o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish bundan buyon ham e’tibor markazida bo‘ladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev an’anaga aylangan yillik Murojaatnomasida aytib o‘tdi.
Davlat rahbari muhim raqamlarni o‘rtaga tashladi. Bu yil O‘zbekiston tarixida birinchi marta marta yalpi ichki mahsulot hajmi 145 milliard dollardan oshdi va kelasi yili 160 millard dollarlik marradan o‘tiladi. Xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarga yetgan. Jami investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 31,9 foizni tashkil etmoqda. 2030 yilgacha u 240 milliard dollardan oshirilishiga va’da berdi. O‘zbekistonning bu yildagi oltin-valyuta zaxirasi esa ilk bor 60 milliard dollardan oshdi.
Davlat rahbarining fikricha, jamiyatimizda turli xil fikr va qarashlar bo‘lishi tabiiy. Bu – demokratiyaning birlamchi talabi. Ammo haqiqiy demokratiya bu mahallada. Shu bois davlat rahbari 2026 yilda mahallaga e’tibor kuchaytirilishini bildirib, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qildi.
Prezident Murojaatnomada astronomiya ilmi bilimdoni, buyuk davlat va fan arbobi Mirzo Ulug‘bek nomini bot-bot tilga olib, O‘zbekiston ancha yillar kechikkan ishga bu yilga jur’at bilan qadam bosilganini e’lon qildi. U ham bo‘lsa kosmosga ilk o‘zbek fazogirini yuborish.
Ma’lumki, 2023 yildan buyon tashqi qarz miqdorini Parlamant belgilab beradi. Prezidentning fikricha bu yetarli emas va bundan buyon davlat kafolati ostida olinadigan tashqi qarzni ham parlament tasdiqlashi kerak.
Endi tergovni ham raqamlashtirish orqali inson huquqlari himoyasini kuchaytiriladi. Bunda jinoyat haqidagi arizani qabul qilishdan boshlab, ishni sudga o‘tkazishgacha bo‘lgan bosqichlarga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi va inson omili qisqartiriladi. 2026 yildan tergov sudyalariga sanksiya va majburlov choralarini o‘zgartirish hamda bekor qilish vakolatlari ham beriladi.
Endi jinoyat protsessiga ingliz huquqidagi davlatlarda ijobiy natija bergan “xalq vakillari hay’ati” instituti bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda o‘ta og‘ir va jamiyatda shov-shuvga sabab bo‘layotgan jinoyatlar jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘rib chiqilishi sud hukmining yanada adolatli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Prezident O‘zbekistonda hamon o‘zidan “ko‘cha” yasab olganlar, tidbirkorlar, investorlarning biznesiga changal solayotganlar borligi, ular orasida sportchilar ham uchrashini yaxshi biladi va uning bildirishicha, 2026 yilda ham bunday jinoiy to‘dalarga qarshi kurash davom etadi.
Davlat rahbari xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik masalasida ham tashvishda ekanini bildirdi. Uning fikricha, oilaviy zo‘ravonlik – bu faqat oilaning ichki ishi emas, bu – butun jamiyatga tegishli masala. Ayolni o‘z muammosi bilan yolg‘iz tashlab qo‘yishga hech kimning haqqi yo‘q!
Prezident bu gal korrupsiya masalasida ham jiddiy gapirdi va gapirayotib zaldagi amaldorlar ko‘ziga tik qaradi. Lavozimi va unvonini pesh qilib, menga hech kim tegmaydi deb o‘ylagan amaldorlar qattiq adashishini alohida urg‘uladi va Ichki ishlar, prokuratura, soliq, bojxona, moliya, bank, yirik davlat kompaniyalari, vazirlik va hokimliklar, bir so‘z bilan aytganda, birorta idora va tashkilot nazoratdan chetda qolmasligini aytdi.
Komplayens xizmatining faoliyatiga to‘sqinlik qilganlar – korrupsiyaga sherik, deb baholanadi va javobgarlik shunga mos holda bo‘ladi. Prezident Administratsiyasi Komplayens xizmati bu tizimni 1 yanvardan boshlab barcha davlat idoralari va tashkilotlarida ishga tushirib, jilovni mahkam qo‘lga oladi. Mansabidan qat’i nazar, poraxo‘rlik va suiiste’molchilik bo‘yicha har bir holat yuzasidan Prezident Administratsiyasi Komplayens xizmati shaxsan menga axborot kiritib boradi.
O‘zbekiston korrupsion jinoyatlarga boy yilni yakunlayapti
Tugayotgan haftada “Ko‘mir ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati Namangan viloyat filiali boshlig‘i o‘rinbosari tanishini tumanlardan birining ko‘mir ombori rahbari lavozimiga tayinlash hamda omborga keluvchi ko‘mir ortilgan yuk vagonlari sonini ko‘paytirib berish evaziga 40 000 AQSH dollari talab qilgan. U belgilangan pulning 25 mingini olib, lavozimga tayinlash borasidagi va’dasini bajargan. 15 000 AQSH dollari hamda omborga ko‘mir ortilgan 30 ta vagon yuborgani uchun ulush sifatida 7500 AQSH dollari, jami 22 500 AQSH dollari berishini talab qilib, pulni vositachisi orqali olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Xorazm viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmatining katta tezkor vakili esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekish uchun ajratilgan 12 sotix yer maydonida uy-joy qurish uchun hokimiyatdan ruxsat olib berish evaziga 30 ming AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga tushdi. Bu bir hafta sodir bo‘lgan holatlardan ikkitasi, xolos.
O‘zbekiston korrupsion jinoyatlarga boy yilni yakunlayaptiki, davlat rahbari kelgusi yilda favqulodda holatni e’lon qildi. Yer sotish, advokatlik xizmatlarini ko‘rsatishda huquq-tartibot organlari va jabrlanuvchi yoki ayblanuvchi o‘rtasida vositachilikni taklif qilish, ishga joylab qo‘yish kabi korrupsion jinoyatlar haqida ommaviy axborot vositalarida ko‘p o‘qiysiz. Ularning aksariyati nahanglar qolib, mayda baliqlar ushlanayotgani haqida va kamdan kam holatda byudjet mablag‘lari o‘marilayotgani bilan bog‘liq materiallarga ko‘zingiz tushadi. Aslida dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida eng asosiy o‘g‘irlik byudjet mablag‘laridan bo‘ladi va hatto o‘sha poraxo‘rlikka o‘lim jazosi belgilangan mamlakatlarda ham.
2025 yil fevral oyida e’lon qilingan “Korrupsiyani qabul qilish indeksi”da O‘zbekiston 180 ta davlat orasida 121-o‘rinni egalladi. Tugayotgan yilning 11 oyi davomida korrupsiyaviy jinoyatlar uchun qariyb 2000 kishi sudlangan, shundan 184 nafari Jinoyat kodeksining 210-moddasi – pora olish bilan bog‘liq. Ammo ekspertlar, jamoatchilik haqiqiy holatlar rasmiylashtirilganidan ancha ko‘pligini aytadi.
Korrupsiyaviy holatlarning taxminan 75 foizi shahar va tumanlar miqyosidagi maishiy korrupsiya shaklida kuzatilmoqda, degan statistikaning o‘zi ham korrupsiyani nazorat qiluvchi organlarning imkoniyatlari qisqa, qo‘li kalta ekanini anglatadi.
Bu yil davlat rahbari tomonidan ikki hujjat – “Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari mustaqilligini ta’minlash hamda faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror va “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon qabul qilindi. Shunga qaramay, korrupsiya masalasida sergak tortganlar unchalik ko‘p emas.
2024 yil davomida korrupsiya tufayli davlatga yetkazilgan zarar 2,8 trillion so‘mni tashkil etgan. Eng ko‘p korrupsiyaviy zarar Andijon, Namangan va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda. Ko‘ramiz, 2025 yil hisoboti bo‘yicha qaysi viloyatlar va qaysi sohalar yuqori o‘rinlarni egallaydiyu davlatga qancha zarar yetkazilgan bo‘lib chiqadi.
Ta’lim, sog‘liqni saqlash, qurilish va davlat xaridlari, bank va moliya, mahalliy hokimiyat organlari hamon korrupsiyaning asosiy o‘chog‘i bo‘lib qolmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 6 iyulda qabul qilgan va 7 iyuldan boshlab kuchga kirgan “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida 2022 yil 1 yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari, o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi belgilangandi.
Biroq, mana 2025 yilni ham yakunlayapmizki, ijrodan darak yo‘q. “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilinmadi. Qonun loyihasi ishlab chiqilgani aytildi, ammo qaysidir tokchalarda qabul qilinmay qolib ketdi. Xo‘sh, davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini xatlovdan o‘tkazib, korrupsiyaning tomiriga bolta urishga nima to‘sqinlik qilyapti?
Bu yil hokim o‘rinbosarlari, yordamchilari, prokuratura, ichki ishlar, bojxona, soliq, bank va moliya sohalari, shuningdek, sudyalar orasida shov-shuvli korrupsion holatlarning aniqlangani ham ushbu qonunni tezroq qabul qilish kerakligini anglatmoqda.
Pedofillar jazolandi
Yangiqo‘rg‘on tumanida joriy yilning 14 oktyabr kuni 7 yashar qiz 38 yoshli qarindoshi tomonidan zo‘rlangandi. U tugayotgan haftada sud hukmi bilan Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi, 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismi va 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi va o‘ta xavfli retsidivist deb topildi. U jazo muddatining dastlabki 3 yilini turmada, jazoning qolgan muddatini maxsus tartibli koloniyalarda o‘taydi.
Shuningdek, shu yilning oktyabr oyida Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida joylashgan manzil koloniyada jazosini o‘tayotgan 31 yoshli mahkum qochib, 3-sinf o‘quvchisini zo‘rlagan edi.
Sud hukmi bilan Jinoyat kodeksining 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga ham 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi va o‘ta xavfli retsidivist deb topildi.
Bu ikkisi xamir uchidan patir. O‘zbekistonda tugayotgan yil bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, jinsiy tahdid borasida o‘tgan yillardagidan o‘tsa o‘tdiki, ortda qolmadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil davomida O‘zbekistonda jami 412 nafar bola jinsiy zo‘ravonlikdan jabrlangan. Bolalar ombudsmanining ma’ruzasiga ko‘ra, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha 14 ta jinoiy va 18 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Joriy yilning dastlabki 6 oyi ichida bolalarga nisbatan 60 ta zo‘ravonlik holati aniqlangan va shu asosda 18 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlanganlar soni so‘nggi yillarda sezilarli ortgan. Masalan, 2019 yilda 151 ta shunday holat qayd etilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 311 taga yetgan, ya’ni ikki barobarga oshgan.
O‘zbekiston oxirgi ikki yilda bu masalaga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Yaqinda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva kuch ishlatar tuzilmalar rahbarlari bilan uchrashib, haqiqiy ancha og‘irligi va raqamlarni oshkor qilishdan hamon qo‘rqilishini aytgandi.
2024 yil 14 noyabrda "Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun qabul qilingan bo‘lsa-da, real hayotda bolalar huquqlari u qadar himoyalanmagan.
Shuningdek, bolalar mamlakatda hamon zo‘ravonlik va tahdidning asosiy ob’ekti bo‘lib qolmoqda. 2025 yilning dastlabki 8 oyi davomida jami 2 872 nafar voyaga yetmagan shaxs turli jinoyatlar qurboni bo‘lgan. Jabrlanganlarning deyarli yarmi (42,7% yoki 1 225 nafari) 12 yoshgacha bo‘lgan bolalardir. 2024 yilda Bolalar ombudsmaniga qilingan murojaatlar soni 2023 yilga nisbatan 2,4 barobarga (1 064 taga) oshgan. Murojaatlarning 21 foizi aynan zo‘ravonlik holatlari bilan bog‘liq.
Endilikda zo‘ravonlikka uchragan yoki xavf ostida bo‘lgan bolalarga ichki ishlar organlari tomonidan himoya orderi berilmoqda.
Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgan shaxslarning reyestri yuritilmoqda. Ularga bolalar muassasalarida ishlash va bolalar bilan bog‘liq tadbirlarda ishtirok etish taqiqlangan.
2025 yil 24 dekabrda Prezident tomonidan 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan bolalarni himoya qilish strategiyasi tasdiqlandi.
FVB xodimi o‘z joniga qasd qildi
21 dekabr kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani “G‘azalkent” MFY Sebzor ko‘chasidagi dalahovlida Toshkent shahar Uchtepa tuman FVBning 25 yashar profilaktika inspektori dalahovlida o‘z joniga qasd qildi.
Marhumning o‘limi sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Hozirda holat yuzasidan Chirchiq harbiy prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Umuman olganda, bu yil O‘zbekistonda suitsid bilan bog‘liq xabarlar soni ortdi. Ayniqsa, bular orasida talabalar, voyaga yetmaganlar ulushi yuqori bo‘ldi.
O‘zbekiston mintaqa davlatlari orasida o‘z joniga qasd qilishlar soni bo‘yicha Qozog‘iston va Qirg‘izistondan keyin uchinchi o‘rinda turadi. Odatda mamlakatda o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq raqamlar va holatlar davlat siri kabi qo‘riqlanadi. Mamlakatda o‘z joniga qasd qilish holatlarining taxminan 14%i oilaviy janjallar va kelishmovchiliklar tufayli sodir bo‘ladi. Shuningdek, ruhiy tushkunlik (depressiya) va iqtisodiy qiyinchiliklar asosiy omillar sifatida ko‘riladi.
2024 yil davomida OAVda o‘nlab suitsid holatlari, jumladan, ko‘p qavatli binolardan sakrash yoki o‘zini osish holatlari xabar qilingan. 2025 yil boshida esa O‘zbekistonda umumiy o‘lim ko‘rsatkichining 2024 yilga nisbatan 1,33% ga oshgani kuzatilgan.
Rossiyada o‘zbekistonlik migrant Ukrainadagi urushga jo‘natilganini aytdi
Tugayotgan haftada O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan erkak Rossiyada o‘ziga nisbatan narkotik savdosi bilan bog‘liq tuhmat qo‘yilganini va tahdidlar orqali Ukrainaga qarshi urushga yuborilgani aks etgan video trendga chiqdi. 6 kun davomida hibsda saqlangan va bu vaqt ichida qattiq qiynoqqa solingan. Sudda unga ikki variant taklif qilingan: bir yil urushda qatnashish yoki kamida 12,5 yilga ozodlikdan mahrum etish.
Tugayotgan yil Rossiyada bo‘lib turgun markaziy osiyolik migrantlarga nisbatan o‘ta jiddiy voqealar, g‘ayriqonuniy harakatlar, mazah, kamsitish, huquqlarini toptash yili sifatida turixda qolmoqda. Joriy yilning 16 dekabr kuni Moskva viloyati Odinsovo shahri Gorki-2 tumanida maktabda tojik millatiga mansub migrant oilaning 10 yashar o‘quvchisi shu maktabning rus millatiga mansub 9-sinf o‘quvchisi tomonidan millatchilik ruhida o‘ldirilishi ham migrantlarga nisbatan munosabatni yuzaga chiqardi.
Albatta, migrantlar endilikda O‘zbekiston uchun qora dog‘ emas, aksincha, Hukumat allaqachon ular iqtisodiyotda alohida ulushga ekanini tan olgan. 2025 yilning yanvar–sentyabr oylari davomida O‘zbekistondan 2,36 million nafar mehnat migranti xorijga ketgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 4% ga ko‘pdir.
2025 yilning birinchi yarmida pul o‘tkazmalari hajmi 27% ga oshib, 8,2 milliard dollarni tashkil etdi. 2025 yilning faqat birinchi choragida migrantlar yurtga 3,3 milliard dollar yuborgan.
O‘zbekistonlik migrantlarning 92 foizi asosan uchta davlatga to‘g‘ri keladi. Bular – Rossiya, Qozog‘iston va Turkiya.
Migrantlarga nisbatan munosabatlar borasida AQSHda ham vaziyat jiddiy tus olgan. Ammo Rossiyadan farqli jihati shundaki, AQSH O‘zbekistondan kelgan migrantlarning noqonuniy tashrifini aniqlaganda ularning huquqlarini buzmayapti, toptamayapti, emaklatmayapti va hammomlarga kirib bormayapti. Masala sud va qonun orqali hal qilinib, deportatsiya qilinmoqda. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, AQSHda taxminan 43 160 nafardan 98 000 nafargacha o‘zbekistonlik istiqomat qiladi.
Eng katta jamoa Nyu-Yorkda to‘plangan. Shuningdek, Filadelfiya, Chikago va Nyu-Jersi shtatlarida yirik o‘zbek mahallalari mavjud.
2025 yilgi Grin-karta lotereyasida O‘zbekiston 5 564 nafar g‘olib bilan dunyoda 1-o‘rinni egalladi. 2021–2023 yillar oralig‘ida 13 600 dan ortiq, 2024 yilning o‘zida esa (may oyigacha) yana 2 900 nafar o‘zbekistonlik Meksika chegarasi orqali AQSHga noqonuniy kirishga uringan.
2025 yil davomida AQSH hukumati noqonuniy kirgan yuzlab o‘zbekistonliklarni vatanga qaytarish uchun maxsus charter reyslarini tashkil etdi, masalan, aprel oyida 100 dan ortiq kishi O‘zbekistonga qaytarilgan.
AQSHda o‘zbekistonlik migrantlar asosan yuk tashuvchi avtomobil (trak) haydovchiligi, xizmat ko‘rsatish va qurilish sohalarida mehnat qiladi. Trak haydovchilarining maoshi oyiga 5 000 dan 10 000 dollargacha yetishi mumkin, biroq 2025 yilda reydlar kuchaygani sababli haydovchilar ehtiyotkorlikka chaqirilgan.
2025 yilning birinchi yarmida AQSHdan O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 2024 yilga nisbatan 10,3 foizga oshgan. O‘zbekiston AQSH tomonidan joriy etilgan yangi qat’iy viza cheklovlari ro‘yxatiga kiritilmagan, bu esa fuqarolar uchun kirish imkoniyatlarini saqlab qolmoqda, ammo bu o‘ta murakkab.
2026 yil 1 yanvardan O‘zbekiston AQSH fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy etishni rejalashtirgan va bunga javoban AQSHdan o‘zbekistonliklar uchun viza muddatini 10 yilgacha uzaytirish taklif qilingan.
Live
Barchasi