Davlat byudjeti xalqniki emas degan adliya xodimining harakatlariga huquqiy baho beriladi (video)
Jamiyat
−
04 iyun
17218Davlat xizmatchilarining faoliyati muhokama qilinishiga qarshi ekanini bildirgan Qashqadaryo viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Nuriyevning faoliyati o‘rganilib, huquqiy baho beriladi. Bu haqda Adliya vazirining o‘rinbosari Alisher Karimov kecha, 3 iyun kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘ining matbuot anjumanida bildirgan fikr va mulohazalari bo‘yicha Adliya vazirligi tomonidan rasmiy munosabat bildirildi. Bu holat vazirlik tomonidan o‘rganib chiqilmoqda. Ushbu holatga huquqiy baho beriladi va bu haqda jamoatchilikni ham xabardor qilamiz”, deydi Alisher Karimov.
Vazir o‘rinbosari asosiy masalaga to‘xtalib, O‘zbekiston Konstitutsiyasida xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai hisoblanishi va davlat shu xalqning irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishini eslatib o‘tdi.
“Davlat organlari va mansabdor shaxslari xalq oldida mas’uldir, ya’ni hisobdorlik prinsipi Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgan. Adliya vazirligining faoliyati ham ochiqlik va hisobdorlik prinsipi asosida yo‘lga qo‘yilgan. Davlat byudjeti masalalari bo‘yicha xalq, jamoatchilik Davlat byudjeti ijrosi, uning shakllantirilishi va sarf-xarajatlari masalalari bo‘yicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirish huquqiga ega”, deydi Adliya vaziri o‘rinbosari.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Nuriyevning davlat xizmatchilarining faoliyati muhokama qilinishiga qarshi ekanini bildirib, "xalq puli, xalq mulki degan narsa yo‘q, pul davlat byudjetiga o‘tdimi, davlat mulkiga aylanadi", degan gapi e’tirozlarga sabab bo‘lgandi.