“Dahshatli voqea”. AQSHdagi attraksionda bir kishi halok bo‘ldi, jarohatlanganlar bor

Olam

−

image

AQSHning Jorjiya shtatidagi Six Flags Over Georgia ko‘ngilochar bog‘ida rolikli attraksion bilan bog‘liq hodisa yuz berishi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, yana bir necha kishi jarohatlandi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa kecha, 12 oktyabr kuni Atlantadan taxminan 24 kilometr shimoli-g‘arbiyda joylashgan ko‘ngilochar bog‘da sodir bo‘lgan. Hozircha halok bo‘lgan shaxsning qanday vafot etgani va boshqa odamlarning jarohatlanishiga nima sabab bo‘lgani ochiqlanmagan. Kobb okrugi politsiyasi hodisa yuzasidan tergov olib bormoqda.

Six Flags ma’muriyati hodisaga mahalliy rasmiylar bilan birgalikda zudlik bilan munosabat bildirganini va tergovda huquq-tartibot idoralariga to‘liq yordam berayotganini ma’lum qilgan.

“Bog‘imizda yuz bergan ushbu hodisadan chuqur qayg‘udamiz”, deyiladi kompaniya vakili bayonotida.

Rasmiylar hodisa qaysi attraksionda yuz berganini hozircha tasdiqlamagan. Biroq mahalliy telekanallar Goliath rolikli attraksionidagi yo‘lovchilar evakuatsiya qilinayotganini ko‘rsatuvchi videolarni namoyish etgan.

Bog‘ saytida keltirilishicha, 2006 yilda ochilgan Goliath attraksioni soatiga 113 kilometr tezlikka chiqadi va 61 metr balandlikka ko‘tariladi. Taxminan 3,5 daqiqa davom etadigan sayr vaqtida yo‘lovchilar keskin burilishlardan o‘tadi va baland tepaliklar ustidan harakatlanadi.

Kobb okrugi komissarlari kengashi raisi Liza Kyupid halok bo‘lgan shaxsning yaqinlariga hamdardlik bildirgan. Uning aytishicha, marhumning oila a’zolariga bu haqda xabar berilgan.

“Bugun tashrif buyuruvchilar va xodimlar qanday dahshatli voqeaga guvoh bo‘lganini tasavvur ham qila olmayman. Yaqinini yo‘qotgan oilaning dardiga sherikman”, degan u.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu Jorjiyadagi Six Flags ko‘ngilochar bog‘ida qayd etilgan kamida yettinchi o‘lim holati bo‘lishi mumkin. 2006 yilda ham Goliath attraksionida uchgan erkakning yurak xurujiga uchragani taxmin qilingan.

O‘tgan yili ham Florida shtatidagi Universal Epic Universe ko‘ngilochar bog‘ida yuqori tezlikda harakatlanuvchi attraksionda uchgan 32 yoshli erkak halok bo‘lgan. Tekshiruvda uning o‘limiga to‘mtoq jism ta’sirida olingan jarohatlar sabab bo‘lgani aniqlangan va hodisa baxtsiz hodisa deb topilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonning Faridaobod shahridagi ko‘ngilochar attraksion qulab tushgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing