Devid Bekxem ritsarlik unvonini oldi
Sport
−
14 iyun 4224 1 daqiqa
Britaniyalik afsonaviy futbolchi Devid Bekxemga qirol Charlz III tomonidan sport va xayriya ishlaridagi xizmatlari uchun ritsarlik unvoni berildi. Bu haqda Buyuk Britaniya hukumatining rasmiy saytida e’lon qilindi.
“U britaniyalik sportchilarning jamiyatdagi rolini qayta talqin etdi, xayriya, milliy xizmat va global targ‘ibot borasida misli ko‘rilmagan standartlarni o‘rnatdi. U olti yil davomida Angliya terma jamoasi sardori bo‘lgan va to‘rt mamlakatda chempionlik unvonlarini qo‘lga kiritgan ilk ingliz futbolchisidir”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, Bekxemning 2012 yilgi London Olimpiadasini o‘tkazish bo‘yicha muvaffaqiyatli ariza topshirilishiga qo‘shgan hissasi ham alohida ta’kidlangan.
Ushbu yutuq munosabati bilan sobiq sardorini “Manchester Yunayted” klubi ham o‘zining X’dagi sahifasida tabrikladi.
“Ser Devid Bekxem. “Manchester Yunayted” jamoasi nomidan ushbu alohida yutuq bilan chin yurakdan tabriklaymiz, Beks – sen bunga haqiqatdan ham loyiqsan”, deyiladi klub bayonotida.
Ma’lumot uchun, Devid Bekxem futbolchilik faoliyatini 2013 yilda yakunlagan. U faoliyati davomida jami 718 o‘yin o‘tkazib, 127 ta gol urgan va 214 ta golli uzatma bergan. Faoliyatini yakunlagach, u o‘zining atirlar liniyasini yo‘lga qo‘ydi, moda brendlari bilan hamkorlik qildi. 2018 yilda Bekxem AQSHning Yuqori Liga jamoasi “Inter Mayami”ning prezidenti bo‘ldi.
Live
Barchasi