COVID-19 tashxisi sabab To‘qayevning Olimpiada sovrindorlari bilan uchrashuvi qoldirildi
Olam
−
15 avgust
5568Qozog‘iston Prezidentining Parij Olimpiadasi g‘olibi va medal sovrindorlari bilan uchrashuvi bir necha sportchiga COVID-19 tashxisi qo‘yilgani sababli qoldirildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Berik Uali ma’lum qildi.
U 14 avgust kuni Qosim-Jomart To‘qayev Olimpiada sovrindorlari va murabbiylarni davlat mukofotlari bilan taqdirlaganini eslatdi.
"Qosim-Jomart Kemelevich bugun (15 avgust) ular bilan uchrashishi rejalashtirilgan edi. Afsuski, bir nechta sportchilarning COVID testi ijobiy chiqdi, bu esa uchrashuvni boshqa vaqtga ko‘chirishga majbur qildi. Sportchilarimizga tezroq sog‘ayib ketishlarini tilab qolamiz”, deb yozdi Uali Facebook’da.
Matbuot kotibi uchrashuv, albatta, bo‘lib o‘tishiga ishontirdi, u avgust oyining oxiriga qoldirildi.
Parijda bo‘lib o‘tgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida Qozog‘iston terma jamoasi bitta oltin, uchta kumush, uchta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 43-o‘rinni egalladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qozog‘istonda Olimpiada sovrindorlari hukumat tomonidan nimalar bilan taqdirlangani xabar qilingandi.
LiveBarchasi