Chexiyada blekaut sodir bo‘ldi
Olam
−
05 iyul 4087 1 daqiqa
Kecha, 4 iyul kuni Chexiyada yirik miqyosdagi elektr ta’minoti uzilishi – blekaut sodir bo‘ldi. Bu haqda “Novinky” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, muammo mamlakat bo‘ylab elektr energiyasini podstansiyalarga yetkazib beruvchi ČEPS kompaniyasining o‘ta yuqori kuchlanishli liniyalarida yuzaga kelgan. Politsiya nazoratni kuchaytirgan. Poyezdlar harakati to‘xtatilgan, ba’zi hududlarda yong‘in xavfsizligi xizmati liftlarda qolib ketgan odamlarga yordam ko‘rsatgan. Shifoxonalar zaxira quvvat manbalarida ishlamoqda. Blekaut metro faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatgan, biroq keyinchalik metro harakati odatiy rejimda tiklangan.
ČEPS ma’lumotiga ko‘ra, uzilish beshta viloyat va poytaxt Praganing ayrim qismlarini qamrab olgan. Politsiya hozircha bu holat ortida kiberhujum yoki terroristik harakatlar turgani haqida hech qanday ma’lumotga ega emasligini bildirdi. PRE elektr tarqatish kompaniyasi bergan ma’lumotga ko‘ra, Pragada elektr ta’minoti mahalliy vaqt bilan soat 14:00 dan boshlab tiklanishni boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning aprel oyida ham Ispaniyada katta ko‘lamli elektr uzilishi sodir bo‘lgan edi. O‘shanda elektr tarmog‘idagi nosozliklar jamoat transporti, svetoforlar va telefon aloqasi ishini izdan chiqargan, poyezdlar harakati deyarli to‘xtab qolgan. Hozirda Ispaniya milliy sudi blekaut yuzasidan tergov o‘tkazmoqda. Tergovning asosiy versiyalaridan biri texnik va tashkiliy kamchiliklar. Tergov tafsilotlari hozircha sir tutilmoqda.
Live
Barchasi