ChatGPT’ga ishongan murabbiy ishidan ayrildi
Sport
−
26 yanvar 7149 2 daqiqa
Rossiyaning “Sochi” futbol klubi sobiq bosh murabbiyi, ispaniyalik Robert Moreno jamoa bilan ishlash jarayonida ChatGPT xizmatidan foydalangani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda klubning sobiq bosh direktor o‘rinbosari Andrey Orlov “Sports.ru” nashriga ma’lum qildi.
“Qiziq bir holatni aytib o‘taman. Xabarovskka safar oldidan tayyorgarlik ko‘rayotganimizda Robert: “Hamma narsani o‘ylab qo‘ydim, safarning barcha parametrlarini ChatGPT orqali hisoblab chiqdim”, dedi. Oxir-oqibat, biz aynan ChatGPT tuzgan jadval asosida ish tutdik”, dedi Orlov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, neyron tarmoq murabbiyga “Sochi” futbolchilari SKA–Xabarovskka qarshi o‘yin oldidan 28 soat uxlamasliklari va ertalab soat 05:00 da uyg‘onishlari kerakligini tavsiya qilgan.
Shuningdek, Orlovning ta’kidlashicha, ispaniyalik mutaxassis ChatGPT’dan jamoaga yangi futbolchilarni topishda foydalangan. Yangi hujumchi izlayotgan Moreno Vladimir Pisarskiy, Pavel Melyoshin va Artur Shushenachev profillarini neyron tarmoqqa yuklagan.
ChatGPT eng yaxshi variant sifatida Shushenachevni tanlagan. Biroq, u 2024-2025 yilgi mavsumda “Sochi” safida o‘tkazgan 10 ta uchrashuvda birorta ham gol ura olmagan.
Ma’lumot uchun, Robert Moreno 2023 yilda “Sochi” bosh murabbiyi etib tayinlangan. Uning qo‘l ostida jamoa Rossiya Premer-ligasidan Birinchi ligaga tushib ketgan, bir mavsumdan so‘ng esa elitaga qaytgan.
Biroq , 2025 yil sentyabr oyida “Sochi” RPLdagi 7 ta o‘yinda atigi 1 ochko jamg‘arganidan keyin klub rahbariyati Morenoni iste’foga chiqarganini e’lon qildi. Uning o‘rnini Igor Osinkin egalladi.
Joriy mavsumda 18 turdan so‘ng “Sochi” jamoasi 9 ochko bilan Rossiya Premer-ligasi turnir jadvalida 16-o‘rin, ya’ni so‘nggi pog‘onada bormoqda.
Live
Barchasi