Bo‘zsuvdagi ifloslanish ortidan davlat korxonasiga jinoyat ishi ochildi (video)

3-sahifa

image

Avvalroq, Toshkent viloyatining Bo‘zsuv kanaliga tekstil kompaniyalari bo‘yoq qoldiqlarini oqizayotgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat yuzasidan tegishli tekshiruv o‘tkazildi va “Toshkent suv ta’minoti” AJga nisbatan jinoyat ishi qo‘zgatildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, oqova suvlarning chiqish joylaridan olingan laboratoriya tahlil natijalariga ko‘ra, “Bo‘zsuv aeratsiya inshooti”ning birinchi sonli tashlamasida muallaq moddalar cheklangan miqdordan 23,7 marta, ammoniy ioni 101,9 marta, azot nitrit 3,5 marta, sulfatlar 2,3 marta, fosfatlar 1,3 marta, BPK 19,6 marta, neft mahsulotlari 2,52 marta, mis 4,16 marta, temir 12,4 marta yuqori ekanligi aniqlangan.

Shuningdek, ob’ektning uchinchi sonli tashlamasida muallaq moddalar belgilangan miqdordan 22,1 marta, ammoniy ioni 19,9 marta, azot nitrit 8,5 marta, sulfatlar 2,8 marta, fosfatlar 1,3 marta, BPK 17 marta, neft mahsulotlari 1,78 marta, mis 3,3 marta, temir 3,6 marta yuqoriligi ma’lum bo‘lgan.

Bildirilishicha, dastlabki tekshiruv davomida atrof-muhitni ifloslantirganlik hamda oqova oqizganlik oqibatida 1 mlrd 511 mln 966 ming 450 so‘m qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovi hisoblangan. Holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 205-(hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 207-moddalari (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan “Toshkent suv ta’minoti” AJga nisbatan jinoyat ishi qo‘zgatilgan. Ayni damda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
 
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Toshkent shahar suv ta’minoti” AJ tomonidan e’lon qilingan munosabatda kimyoviy chiqindilar hamda tekstil korxonalardan chiqayotgan bo‘yoq qoldiqlari, ya’ni rangli suvlar tozalovchi inshootlarning ishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Bo'zsuv ifloslanish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing